O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashishga qancha mablag‘ ajratilgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish xarajatlariga 1,7 trillion so‘m yo‘naltirildi. Bu haqida Telegram’dagi “Koronavirus info” kanali xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 68,6 milliard so‘m, Vazirlar Mahkamasining zaxira fondi hisobidan 34,1 milliard so‘m ajratilgan. Shuningdek, Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi hisobidan 123,5 milliard so‘m, “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoatchilik fondi hisobidan 29,3 milliard so‘m pul koronavirusga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, “Mahalla” xayriya jamoat jamg‘armasi hisobidan 81 milliard so‘m, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan 1347 milliard so‘m mablag‘ infeksiyaga qarshi kurashishga ajratilgan.

Shundan 157,6 milliard so‘m tibbiy asbob-uskuna, 385,9 milliard so‘m PZR testlari, dori-darmon va shaxsiy gigiyena himoya vositalarini sotib olish uchun sarflangan. Karantin zonalari va maxsus shifoxonalar qurish uchun 599,1 milliard so‘m, karantindagi shaxslarning ta’minoti uchun esa 299,8 milliard so‘m ajratilgan. 257,6 milliard so‘m esa qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish va 6 foiz qo‘shimcha haq to‘lash uchundir.

Foto: Koronavirus info

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 10-iyuldan 1-avgustgacha avtomobil harakati cheklandi. Viloyatlararo avtotransport qatnovlari taqiqlandi. Buyum bozorlari va buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar faoliyati to‘xtatildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 7530 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan. Davolanayotganlar 4621 nafarni tashkil etadi. Ulardan 43 nafari og‘ir, 10 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Vafot etganlar soni 55 nafarni tashkil etadi.

 

Янгиликлар