O‘zbekistonda 18—19 hamda 25—26-iyul kunlari qanday toifadagi avtomashinalar harakatlanishi mumkinligi ma’lum qilindi

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 18—19-iyul hamda 25—26-iyul (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining harakati to‘liq to‘xtatiladi.

Foto: “Tez News”

Ma’lumotlarga ko‘ra, shanba va yakshanba kunlari quyidagi 2 toifa avtomashinalarga harakatlanish uchun ruxsat beriladi:

  1. Maxsus ruxsatnomasi bor mashinalar;
  2. Maxsus ruxsatnomasiz yurish huquqiga ega bo‘lgan avtomashnalar.

Ularga:

  • Sog‘liqni saqlash tizimidagi hamda xususiy tibbiyot tashkilotlari, tibbiy-sanitariya va epidemiologik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning xizmat va xodimlarining shaxsiy avtotransport vositalari.
  • Farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning xizmat avtotransport vositalari.
  • Fuqarolarga kechiktirib bo‘lmaydigan tez tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq hollarda tibbiyot muassasasiga borayotgan va undan qaytayotgan shaxsiy avtotransport vositalari.
  • Yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega bo‘lgan yo‘nalishsiz taksilarga.
  • Yetkazib berish xizmati tashkilotlarining avtotransport vositalari.
  • Kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar — gaz, elektr energiyasi, issiqlik ta’minoti, sovuq suv, suv oqava va chiqindi tashishning maxsus avtotransport vositalari.
  • Oliy Majlis palatalari, sud va prokuratura organlari, Hisob palatasi, Biznes-ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha vakil, Inson huquqlari milliy markazi, Savdo-sanoat palatasining xizmat avtotransport vositalari.
  • Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, agentliklar, boshqa davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda ommaviy axborot vositalarining xizmat avtotransport vositalari.
  • Markaziy bank va uning hududiy boshqarmalari hamda tijorat banklarining xizmat avtotransport vositalari.
  • “Respublika inkassatsiya xizmati” DUK xizmat avtotransport vositalari.
  • Xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari hamda “CMD”, “D”, “UN”, “T”, “M” va “X” davlat raqami belgilariga ega bo‘lgan avtotransport vositalari, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari, Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, xorijiy davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalari, savdo vakolatxonalari xodimlarining avtotransport vositalari.
  • Aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar, “O‘zbekiston pochtasi” AJ, “O‘zbektelekom” AK va uning tashkilotlari hamda “O‘zinfokom” yagona integratori” MChJga tegishli xizmat avtotransport vositalari.
  • N1, N2 va N3 toifaga kiruvchi avtotransport vositalari hamda qishloq xo‘jaligi texnikalari.
  • “Toshshahartransxizmat” AK tarkibiga kiruvchi avtobus saroylarining M2 va M3 toifaga kiruvchi avtotransport vositalari.
  • Yo‘l-patrul xizmati avtomobillari yordamida kuzatilayotgan avtotransport vositalari.
  • Dafn marosimlarida xizmat ko‘rsatuvchi maxsus avtotransport vositalari (faqat dafn marosimlari xizmatini ko‘rsatish maqsadida).
  • Faqat bir nafar yo‘lovchi bilan mavsumiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beruvchi M1 toifadagi jismoniy shaxslarga tegishli shaxsiy avtotransport vositalari kiradi.

Avvalroq O‘zbekistonda 10-iyuldan 1-avgustgacha karantin tartibi keskin kuchaytirilgani, hududlardagi vaziyatga qarab, karantin choralari kuchaytirilishi yoki yumshatilishi mumkinligi,13-iyuldan mahalliy poyezd va aviaqatnovlar to‘xtatilib, qo‘shimcha karantin qoidalari kuchga kirgani haqida xabar berilgan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2020-yil 17-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, 15 349 nafarni tashkil etmoqda.

Hozirda 8783 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan. Vafot etganlar 76 nafarni tashkil etadi.

Янгиликлар