Toshkent shahar hokimiyati va Sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘shimcha tibbiy uskunalar hamda tez yordam mashinalarini xarid qildi
Toshkent shahar hokimligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorlikda shahar kasalxonalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida tibbiy uskunalar va tez yordam mashinalarini xarid qildi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 40 ta ventilyator, 120 ta bolalar va 80 ta kattalar uchun SIPAP-apparatlari, 70 mingta kombinezon, 70 mingta niqob, 200 mingta poyabzal, 5 mingta tibbiy qalpoq, 3 mingta ko‘zoynak va 150 mingta qo‘lqop sotib olingan.
Shuningdek, 50 ta “Damas” avtomashinasi xarid qilingan bo‘lib, ulardan 25 tasi tez tibbiy yordam xizmatlariga, 23 tasi tumanlar sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazlariga, 2 tasi ruhiy kasalliklar shifoxonasiga tarqatiladi.
Avvalroq Prezident Jahongir Ortiqxo‘jayev va Alisher Shodmonovga koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash boʻyicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani uchun hayfsan bergani xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan O‘zbekistonda 13-iyuldan 1-avgustga qadar qo‘shimcha ravishda karantin cheklovlari joriy etilgan. Vazirlar Mahkamasining 15-iyul kungi 329-sonli farmoyishida O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlangani rasman tan olingan.