O‘zbekistonda dam olish kunlari stikeri bor transport vositalarining harakati to‘xtatilishi bilan bog‘liq xabarlarga izoh berildi

O‘zbekistonda 18-iyul soat 17:00 dan 20-iyul, dushanba kuniga qadar stikeri bor avtotransport vositalarining harakati to‘xtatilishi haqda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan izoh berildi.

Ta’kidlanishicha, shanba va yakshanba kunlari (18—19-iyul va 25—26-iyul) respublika miqyosida avtotransport vositalari, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatiladi.

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga binoan, shanba va yakshanba kunlari quyidagi 2 toifa avtomashinalarga harakatlanish uchun ruxsat beriladi:

— maxsus ruxsatnoma (stiker)lari bor mashinalar;

— maxsus ruxsatnoma (stiker)siz yurish huquqiga ega bo‘lgan avtomashinalar.

Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnoma talab etilmaydigan holatlar quyidagilar:

— sog‘liqni saqlash tizimidagi hamda xususiy tibbiyot tashkilotlari, tibbiy-sanitariya va epidemiologik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning xizmat va xodimlarining shaxsiy avtotransport vositalari.

— farmatsevtika mahsulotlari (dori vositalari va tibbiy buyumlar) ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning xizmat avtotransport vositalari.

— fuqarolarga kechiktirib bo‘lmaydigan tez tibbiy yordam ko‘rsatish (homiladorlik, tug‘ruq, tana jarohati, OIV/OITS, onkologik yordam, nurlanish terapiyasi, gemodializ yordamini ko‘rsatish, jarrohlik amaliyoti zarur bo‘lganda, inson hayotiga xavf tug‘dirayotgan boshqa holatlar) bilan bog‘liq hollarda tibbiyot muassasasiga borayotgan va undan qaytayotgan shaxsiy avtotransport vositalari.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 18—19-iyul hamda 25—26-iyul (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida avtotransport vositalarining harakati to‘xtatilishi belgilangan.

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan O‘zbekistonda 13-iyuldan 1-avgustga qadar qo‘shimcha ravishda karantin cheklovlari joriy etilgan. Vazirlar Mahkamasining 15-iyul kungi 329-sonli farmoyishida O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlangani rasman tan olingan.