“Toshkent shahrida yo‘l qo‘yilgan xatolardan xulosa chiqarish kerak” — Deputat hududlarni koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga tayyorlash choralarini taklif etdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev 20-iyul kuni Telegram’dagi koronavirus pandemiyasi davrida Toshkent shahrida yo‘l qo‘yilgan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda hududlarni ikkinchi to‘lqin bosimiga tayyorlash choralarini ko‘rishni tavsiya etdi.

Doniyor G‘aniyev
Foto: “Uzlidep.uz”

“O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini ko‘plab muammolarni keltirib chiqargani, ayniqsa, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida sezilib qoldi. Testlar yetishmasligi, kasallik alomati bor fuqarolarga tez yordam vaqtida ko‘rsatilmagani yoki ularni qabul qilishga shifoxonalarda joy qolmaganligi, aptekalarda  dori-darmonlar tanqisligi, uyda davolanish uchun zarur qo‘llanmalar ishlab chiqilmagani, shifokorlarning zarur himoya vositalari va tibbiy uskunalar bilan to‘liq ta’minlanmaganligi kabi muammolar tibbiyot tizimimiz ikkinchi to‘lqin bosimiga, (orada 4 oy vaqt bo‘lishiga qaramay) afsus, tayyor emasligiga hammamiz guvoh bo‘ldik.

Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar va bloggerlar juda ko‘plab tanqidiy fiklar va maqolalar e’lon qilishdi. Lekin hozir aybdorni izlashdan foyda yo‘q, ehtimol, koronavirusdan qutulgach, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolarni parlament tekshiruvi asosida shoshmay o‘rganib, aybdor mas’ul shaxslarga chora ko‘rish imkoni bo‘lar (orzuga ayb yo‘q).

Aksincha, hozir birinchi navbatda, Toshkent shahrida yo‘l qo‘yilgan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda hududlarni ikkinchi to‘lqin bosimiga, ayniqsa, gripp va shamollash kuchayadigan kuz-qish mavsumiga tayyorlash choralarini ko‘rish muhim, deb o‘ylayman.

Birinchidan, virusga chalingan fuqarolarni yotqizish uchun hududdagi mavjud sanatoriyalar, kollej, litsey va maktablarning sport zallarida qisqa muddatlarda maxsus davolanish markazlarini tashkil etish orqali minglab yangi zaxira o‘rinlar (koyka) yaratish hamda boshqa kasalliklar bilan chalingan fuqarolarga yordam ko‘rsatuvchi shifoxonalar quvvatini qisqartirmaslikka alohida e’tibor qaratish;

Ikkinchidan, tez yordam avtomobillariga ehtiyoj ko‘payishini inobatga olib, mavjud avtomobillarni to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazish, shuningdek, hududlarda yo‘nalishli taksi xizmati ko‘rsatuvchi tashkilot va fuqarolarning ‘Damas’ (yoki boshqa minivenlar) avtomobillarini ijara va volontyorlik asosida tez yordam xizmati ko‘rsatish uchun jalb qilish orqali zaxira quvvat yaratish choralarini ko‘rish;

Uchinchidan, hududlarda hamshira va shifokorlarning yetishmaslik holatlarini oldini olish uchun hozirda nafaqada yoki ishlamayotgan malakali shifokorlarni hamda ishsiz bo‘lib turgan o‘rta maxsus diplomiga ega hamshiralarni mavsumiy yollash va ularni yangi tashkil etilayotgan maxsus karantin markazlariga, tez tibbiy yordam avtomobillariga ro‘yxat asosida biriktirish;

To‘rtinchidan, har bir shahar va tumanlarda eng kamida 10 tadan kislorod konsentratorlari, pulsoksimetr zaxirasini tayyorlash;

Beshinchidan, test natijalarini aniqlaydigan PCR labarotiriyalar sonini oshirish hamda testlar zahirasini shakllantirish;

Va, albatta, karantin choralarini saqlab qolish va unga qat’iy amal qilinishini ta’minlash”.

Doniyor G‘aniyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan O‘zbekistonda 13-iyuldan 1-avgustga qadar qo‘shimcha ravishda karantin cheklovlari joriy etilgan. Vazirlar Mahkamasining 15-iyul kungi 329-sonli farmoyishida O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlangani rasman tan olingan.

O‘zbekistonda 20-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 16 966 nafarga yetdi. Ayni paytga qadar O‘zbekistonda 9279 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqaro sog‘aygan. Hozirda 7599 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар