“Xorijdan vatandoshlarimizni olib kelishni to‘xtatish kerak” — Alisher Qodirov

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov 21-iyul, seshanba kuni o‘zining Telegram’dagi kanalida xorijdan o‘zbekistonliklarni olib kelishni to‘xtatib, ularni turgan mamlakatida davolashni moliyalashtirish kerakligini yozib qoldirdi.

Alisher Qodirov.
Foto: “O‘zA”

“Viruslarni aniqlash va ular bilan kurashishda Isroil davlatidagi tajriba o‘rgangulik. Ular 2020-yilning 1-sentabrigacha barcha kiruvchilar uchun chegaralarini yopdi. Nimaga? Chunki ichkariga kirgan har bir inson virusning yangi, borayotgan joyidagi muhitga moslashmagan tipini olib kirishi mumkin. Bu yangi to‘lqin degani.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham ‘Vabo tarqalgan joyga bormangiz, agar turgan joyingizda vabo bo‘lsa, u yerdan ketmangiz’ deb bekorga aytmaganlar.

Xorijdan vatandoshlarimizni olib kelishni to‘xtatish, ularni turgan mamlakatlarida davolanishlarini moliyalashtirish haqida o‘ylashimiz kerak. Bu birinchi navbatda, o‘sha vatandoshimizning qarindoshlariga, qolaversa, butun O‘zbekistonga yaxshilik bo‘ladi.

Yana bir yangi shtamm xalqimiz uchun juda og‘ir bo‘ladi”

Alisher Qodirov, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi

Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev koronavirus pandemiyasi davrida Toshkent shahrida yo‘l qo‘yilgan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda hududlarni ikkinchi to‘lqin bosimiga tayyorlash choralarini ko‘rishni tavsiya etgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan O‘zbekistonda 13-iyuldan 1-avgustga qadar qo‘shimcha ravishda karantin cheklovlari joriy etilgan. Vazirlar Mahkamasining 15-iyul kungi 329-sonli farmoyishida O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlangani rasman tan olingan.

O‘zbekistonda 21-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 17 590 nafarga yetdi. Ayni paytga qadar O‘zbekistonda 9463 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqaro sog‘aygan. Hozirda 8035 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

Янгиликлар