O‘zbekistonda har bir kasalxonaga prokuratura xodimi biriktiriladi

Endi O‘zbekistonda har bir kasalxonaga prokuratura xodimi biriktirilib, shahardagi kasalxonalarda mavjud bo‘sh o‘rinlar (koyka) hisobini yuritadi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Tez News”ga ma’lum qildi.

Foto: “Uzreport.uz”

Bundan ko‘zlangan maqsad mavjud haqiqiy ma’lumotlarni muntazam ravishda Call-markazdagi dispetcherlarga doimiy ravishda taqdim etib, chaqiruvga chiqqan tez yordam brigadasini va bemorni kasalligi bo‘yicha bo‘sh joy mavjud bo‘lgan yaqin oradagi shifoxonalarga yo‘naltirish hisoblanadi.

Shuningdek, tez yordam xizmati avtomobil parkini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Aholining tez yordam xizmatiga bo‘lgan zaruratini qondirish maqsadida qo‘shimcha 50 ta “Damas”, 12 ta “Foton” va 27 ta “Isuzu” maxsus avtomashinalari tez yordam markaziy stansiyasiga ajratilgani hamda davlat raqamlari olib berilgani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda tez yordam xodimlari qo‘shimcha rag‘batlantirilishi ma’lum qilingan edi.

Avvalroq Toshkentda 103 telefon raqamiga ulanish vaqti 1,5 daqiqadan 15 soniyagacha qisqartirilib, brigadalar soni ko‘paytirilgani haqda xabar berilgan edi. Shuningdek, Toshkent shahar hokimiyati va Sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘shimcha tibbiy uskunalar hamda tez yordam mashinalarini xarid qildi.

Янгиликлар