“Agar niqob taqishdan o‘pka quriganda, sog‘ shifokorlar qolmasdi”. Mutaxassis niqob taqish pnevmoniyaning keng tarqalishiga sabab bo‘ladi degan gaplarga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda pnevmoniya kasalligining ko‘payib borayotganligiga tibbiy niqob taqish sabab bo‘layotganligi aytilgan audioyozuvlar tarqaldi. Unga ko‘ra, niqob taqqan odamlarning kislorod qabul qilishi 70 foizga kamayadi, bu esa o‘pka qurishi holatlarini keltirib chiqaradi. Bu mavzuda immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva o‘z fikrlarini bildirdi.

“Agar niqob taqishdan o‘pka quriganda, sog‘ shifokorlar qolmasdi. Chunki ular operatsiya davomida bir necha soatlab niqobda bo‘lishadi. Yuqorida aytilgan holat bo‘yicha biz niqobda ham, niqobsiz ham kislorod bilan to‘yinganlik holatini o‘lchaganmiz. Har ikkisida ham raqamlar bir xil natija ko‘rsatgan. Bu degani niqoblar kislorod yetishmovchiligiga olib kelmaydi”, — deydi immunolog-infeksionist.

Aziza Xo‘jayevaning ta’kidlashicha, o‘pka qurishi uchun mutlaqo boshqa sabablar bo‘ladi. Misol uchun, yillab chekadigan odamlarda ushbu kasallik kuzatiladi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, pnevmoniya — bu o‘pkaning yallig‘lanishi. Yallig‘lanish har xil sabablarga ko‘ra yuzaga keladi. Virusli pnevmoniyaning sababi esa umuman boshqacha. Bu kasallikda yiring yig‘ilmaydi, o‘pka shishib, inson nafas ololmay qoladi. Chunki mayda-mayda qon tomirlarining ichki devori yallig‘langan bo‘ladi.

Avvalroq Xren va sarimsoqpiyoz virusni davolashda qanday samara berishi, koronavirusning og‘ir formasida qanday belgilar kuzatilishi haqida xabar berilgandi.

Bundan tashqari, koronavirusga qarshi qo‘llanilayotgan “Plakvenil” dorisi yurakning to‘xtashigacha olib kelishi hamda spirtli ichimliklarni iste’mol qilish infeksiyani yo‘qotishga yordam berish-bermasligi ma’lum qilingandi.

Янгиликлар