Farg‘onada 800 ming so‘mlik velosipedni o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyati Furqat tumanida qarovsiz qoldirilgan velosipedni o‘g‘irlagan shaxs qamoqqa olindi, deb xabar berdi viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati.

Foto: Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati

Furqat tumanida 14-iyul kuni noma’lum shaxs “Navbahor” MFY hududida joylashgan suratxona oldida fuqaro R.K.ga tegishli bo‘lgan, qarovsiz qoldirilgan narxi 800 000 so‘mlik velosipedini yashirin ravishda o‘g‘irlab ketgan. Fuqaro bu haqda 15-iyul kuni tuman IIBga murojaat qilgan.

Holat yuzasidan Furqat tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi (O‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni T.A. sodir etganligi aniqlanib, unga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ma’lumot o‘rnida, yuqorida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Avvalroq Namanganda velosipedchini kaltaklagan erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Farg‘onada 300 ming so‘mlik “Ural” velosipedini o‘g‘irlab ketgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар