O‘quvchilarni masofa saqlagan holda o‘qitish qay darajada samarali? Mutaxassislar javob berdi

“Tez yordam” ko‘rsatuvining navbatdagi sonida ba’zi mamlakatlarda joriy etilganidek, o‘quvchilarni masofa saqlagan holda o‘qitish qay darajada foyda berishi haqda ma’lumot berildi.

Kadr: YouTube

Virusolog Dildora Sekler o‘quvchilarni masofa saqlagan holda o‘qitish foydasiz ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, o‘quvchilar tanaffus vaqtida baribir bir-birining yoniga borib, qo‘l siqib ko‘rishadi va ijtimoiy masofaga amal qilmaydi. Shuning uchun dars vaqtida bir-biridan uzoq o‘tirish samarasiz kechadi.

Virusolog Ra’no Qosimovaning qo‘shimcha qilishicha, tibbiy niqoblar taqqanda ham virus yuqadi, ammo miqdori kam bo‘ladi. Agar o‘quvchi tibbiy niqob taqsa, shuning o‘zi yordam beradi.

Avvalroq virusolog Ra’no Qosimova va Dildora Sekler koronavirusning og‘ir formasida qanday belgilar kuzatilishi haqda ma’lumot bergandi. Ta’kidlanishicha, og‘ir formaning dastlabki belgisi bir necha kun davomida tana haroratining 38 darajadan yuqori bo‘lishidir. Shuningdek, Aziza Xo‘jayeva asal va kunjut aralashmasi hamda shirchoy koronavirusni davolovchi xususiyatga ega emasligini ta’kidlagan.