Komil Allamjonov: “Koronavirus vaksinasi bizga 2021-yilda ham yetib kelmasligi mumkin”

Milliy mass-mediani qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Milliy telekanalidagi “Tez yordam” ko‘rsatuvida pandemiya bilan bog‘liq mulohazalari bilan ulashdi.

Kadr: Telegram

Komil Allamjonovga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida pandemiya sharoitida yashash strategiyasini ishlab chiqish masalasi ko‘tarilgan. Shuningdek, uning fikricha, koronavirus vaksinasi 2021-yilda ham tayyor bo‘lmasligi mumkin.

“Koronavirusga qarshi vaksina amaliyotda sinovlardan o‘tayotgan bo‘lsa-da, vaksina deyarli mavjud emas. Turli internet ma’lumotlariga tayanib o‘rganishlarimiz natijasida shu narsa ma’lum bo‘lyaptiki, baribir vaksina paydo bo‘lgan taqdirda ham, 2021-yilda ham bizga yetib kelmasligi mumkin. Hali vaksinaning 2021-yilda paydo bo‘lish yoki bo‘lmasligi ham aniq emas”, — deydi Komil Allamjonov.

Eslatib o‘tamiz, 11-iyul kuni Komil Allamjonov koronavirusga chalinib tuzalganini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq “Tez yordam” ko‘rsatuvida mutaxassislar koronavirusning og‘ir formasida qanday belgilar kuzatilishi haqda ma’lumot bergandi. Shuningdek, virusologlar asal va kunjut aralashmasi hamda shirchoy koronavirusni davolovchi xususiyatga ega emasligini ta’kidlagan.

Янгиликлар