Musa Yerniyazovning vafot etgani haqidagi xabarlar rad etildi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazovning koronavirusdan vafot etgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Ma’lum qilinishicha, 25-iyul, shanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga ko‘p yillardan buyon Raislik qilib kelayotgan Musa Tajetdinovich Yerniyazovning o‘limi to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi.

Sog’liqni saqlash vazirligi ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirib, raddiya bilan chiqdi:

“Bu xabar haqiqatga mutlaqo zid. Musa Tajetdinovich hayot va ayni paytda davolanmoqda. Yetakchi mutaxassislar u kishining sog‘ligi tiklanishi uchun kurashishyapti, uzluksiz konsiliumlar o‘tkazilyapti. Asossiz xabar tarqatishning javobgarligi borligini unutmaslik lozim”, — deb yozadi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev o‘zining Telegram’dagi kanalida.

Eslatib o‘tamiz, 18-iyul kuni Musa Yerniyazovning koronavirusga chalingani tasdiqlangan edi. O‘shanda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Nukusga yetib borgan. Yerniyazovning ahvoli barqaror ekanligi ma’lum qilingan.

Musa Yerniyazov bilan birgalikda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov koronavirusga chalingani ham ma’lum qilingan. Keyinchalik To‘ra Bobolovning ham koronavirusdan vafot etganligi haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat hokimi esa ushbu xabarlarni rad etib, videomuraojaat bilan chiqdi. Shundan so‘ng To‘ra Bobolovning koronavirusdan o‘lgani to‘g‘risida yolg‘on xabar tarqatganlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgani ma’lum bo‘ldi.

Янгиликлар