“Og‘ir bemorlar va o‘limlar soni eplab bo‘lmaydigan darajada ortib ketadi” — Komil Allamjonov qattiq karantin oqibatlari haqida gapirdi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov kelajakdagi yagona yo‘l har bir inson o‘zini o‘zi ehtiyot qilishni o‘rganishi, niqob taqishni kanda qilmasligi va kasal bo‘lib qolganda to‘g‘ri davolanishi kerakligini, vaziyat og‘irligini ta’kidladi. Bu haqida o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

“Masala jiddiy, tanlov og‘ir, xato qilish imkoniyati 90 foiz. Karantin qattiq bo‘lsa, uydagi bemorlarga qiyin (ular asosiy — 80 foiz qatlam) agar yengil bo‘lsa, og‘ir bemorlar (15 foiz qatlam) va o‘limlar (2—4 foiz qatlam) soni ortib ketadi, eplab bo‘lmaydigan darajada. Iqtisodiyot, biznes, yeb-ichish, qarzlarni-ku, gapirmasa ham bo‘ladi.

Eng yomoni, qanchalik karantin saqlamaylik, vaksina yaratilib bizga yetib kelgunicha bir yarim yildan ikki yilgacha vaqt o‘tadi. Agar shu davr mobaynida iqtisodiyotni ham o‘ldirib qo‘ysak, ertaga vaksina sotib olishga ham imkoniyat bo‘lmaydi. Vaksinalarni kimdir bizga sovg‘a qilsa yoki olib bersa, evaziga yurtimizdan nimanidir yulib oladi. Bekorga yordam beradigan ahmoq aniq yo‘q. Na katta biznesmenlar va na katta davlatlar. O‘zimizning aravamizni o‘zimiz tortmas ekanmiz, ahvol yaxshilanmaydi. Bu nima degani? Birinchi navbatda, barcha qatlamdagi shifokorlar, hamshiralarga to‘g‘ri davolashni zudlik bilan o‘rgatish kerak. Juda og‘ir jarayon emas bu. Tayyor davolash protokoli bor. Shuni bir marta o‘qib chiqib, hech bo‘lmasa, mumkin bo‘lmagan dorilarni bilib olsa bo‘ldi. Shu ham katta muvaffaqiyat hozirgi sharoitda. Yengil tuzalishi mumkin bo‘lgan bemorlar aksariyat holatda aynan shu noto‘g‘ri tavsiya va dorilarni deb og‘irlashyapti yoki o‘lyapti”, — deb yozadi Komil Allamjonov.

Shuningdek, u koronavirusni noto‘g‘ri davolash oqibatlari haqida gapirdi.

“Bugun men shuni tushunib yetdimki, eng birinchi navbatda, hoziroq, zudlik bilan to‘g‘ri davolash tizimini yo‘lga qo‘yishimiz shart. Asl muammo o‘sha yerda. Qisqa o‘quv dasturi yaratib, barcha tibbiyot qatlamini minimum qisqa kursda o‘qitish kerak. Aks holda, hamma bilganicha davolayapti va davolanyapti. Oqibatda muammolar soni ortib, kasalxonalarda joy qolmayapti. Xullas, ahvol og‘ir. Yechimi ham. Kelajakdagi yagona yo‘l esa har bir inson o‘zini o‘zi ehtiyot qilishni o‘rganishi, niqob taqishni kanda qilmaslik va kasal bo‘lib qolganda to‘g‘ri davolanishi kerak. Zudlik bilan shunday yashashni o‘rganmas ekanmiz, faqat og‘irlashaveradi ahvolimiz. Ustiga-ustak, kollektiv immunitetga ham vaqt kerak (agar rost bo‘lsa shunday immunitet shakllanishi)”, — deb ta’kidlagan Allamjonov.

Avvalroq Komil Allamjonov Milliy telekanalidagi “Tez yordam” ko‘rsatuvida koronavirus vaksinasi O‘zbekistonga 2021-yilda ham yetib kelmasligi mumkinligi haqida ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, JSST sobiq eksperti dunyoning 80 foiz aholisi vaksinasiz qolishini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 10-iyuldan 1-avgustgacha karantin tartibi keskin kuchaytirilgani, 13-iyuldan mahalliy poyezd va aviaqatnovlar to‘xtatilib, qo‘shimcha karantin qoidalari kuchga kirgani haqda xabar berilgandi.

Keyinchalik, 23-iyul kungi selektorda Shavkat Mirziyoyev karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirdi. Shundan so‘ng O‘zbekistonda karantin cheklovlari 15-avgustgacha uzaytirildi. Bundan tashqari, karantin cheklovlari uzaytirilgani uchun Behzod Musayev xalqdan uzr so‘ragandi.

Янгиликлар