Farg‘onada arzon narxda sement olib berishni va’da qilib, 137 mln so‘mni qo‘lga kiritgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Farg‘ona shahrida 2019-yilning noyabr oyida arzon narxda sement olib berishni va’da qilib, 137 mln so‘mni qo‘lga kiritgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati

Fuqaro Y.O. arzon narxda sement olib berishni va’da qilib, tanishi K.I.dan firibgarlik yo‘li bilan 137 million so‘m olgan. So‘ng bu pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Avvalroq Farg‘onada firibgarlik jinoyatini sodir etib, tergovdan yashiringan ayol qo‘lga olingan edi. Shuningdek, ayni shu hududda 3 ta telefon apparatini olib, pulini oxirigacha bermay kelgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqda xabar berilgan edi. Bundan tashqari, Farg‘ona shahrida tanishining bir million so‘mlik uyali telefonini foydalanish uchun olib, uni sotib yuborgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Янгиликлар