Namanganda karantin cheklovlari kuchaytirilgan vaqtda “Cobalt” va tez yordam mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Bir kishi halok bo‘lgan

Namangan shahrida 26-iyul, shanba kuni “Cobalt” va tez yordam mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Namangan IIB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan.

Foto: Namangan IIB axborot xizmati

Ma’lum bo‘lishicha, “Cobalt” haydovchisi maxsus stiker orqali Olmazor ko‘chasida mashinani boshqarib ketayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, qarama-qarshi tomondan kelayotgan “Damas” rusumli tez yordam mashinasiga borib urilgan.

Natijada “Cobalt” haydovchisi ko‘krak qafasi yumshoq to‘qimasi lat yeyishi bilan shikastlangan. Tez yordam haydovchisi esa og‘ir qo‘shma shikast, bosh miya yopiq shikasti, o‘ng oyoq son suyagining yopiq sinishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Tez yordam avtomashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaro esa og‘ir tan jarohati olib ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramay shifoxonada vafot etgan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqandda YTH oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Farg‘onada mototsikl haydovchisi velosipedchini urib yuborgan.

Янгиликлар