O‘zbekistonda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning qanchasi fosh etilgani ma’lum qilindi
Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi 2020-yil 6 oyi yakuni bo‘yicha axboroti dastlabki tarzda eshitildi. Bu haqida Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur masala parlament yuqori palatasining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.
Sohada amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida umumiy jinoyatlarning 20 497 tasi fosh etilgan. Tergov organlari qidiruvida bo‘lgan 1051 nafar shaxs ushlangan va 261 nafar bedarak yo‘qolganlar topilgan.
Ichki ishlar organlari boshchiligida 4158 ta jinoyat aniqlangan. Respublikadagi jami 9 145 ta mahallaning 6061 tasida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Shu bilan birga majlisda o‘tkazilgan o‘rganishlar ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatayotganligi qayd etildi.
Xususan, 2020-yilning 6 oyida respublika miqyosida 21 535 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, 100 ming aholiga nisbatan o‘rtacha 63,3 tadan to‘g‘ri kelgan.
“Oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolganligi oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda. Jumladan, 2020-yilning 6 oyi davomida qayd etilgan qotillik jinoyatlarning har uchinchisi, og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 76 tasi oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan. Shu bilan birga, oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 5940 ta oila-turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklar sodir etilib, ularning aksariyati, ya’ni 52,6 foizi Toshkent, Buxoro, Navoiy va Farg‘ona viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Xususan, oila-turmush doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 2776 nafariga ‘himoya orderi’ berilgan”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, 2020-yilning 6 oyida respublikada qayd etilgan har to‘rtinchi jinoyat yoshlar tomonidan sodir etilgan.
Shuningdek, majlisda Ichki ishlar vazirining axboroti hududlardagi senatorlar va mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan ham muhokama etildi.
Avvalroq Farg‘onada firibgarlik jinoyatini sodir etib, tergovdan yashiringan ayol qo‘lga olingan edi. Shuningdek, ayni shu hududda 3 ta telefon apparatini olib, pulini oxirigacha bermay kelgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqda xabar berilgan edi. Bundan tashqari, Farg‘ona shahrida tanishining bir million so‘mlik uyali telefonini foydalanish uchun olib, uni sotib yuborgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Shuningdek, Toshkentda qidiruvda bo‘lgan shaxs xalqaro aeroportda qo‘lga olingan edi.