“O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasining bo‘lim boshlig‘i vafot etdi

“O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasining Teleradioeshittirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Saidov Kozim Qosimovich vafot etdi. Bu haqda inspeksiya axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi

Inspeksiya xabarida o‘lim sababi ochiqlanmagan.

Saidov Kozim Qosimovich (1969-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan) mehnat faoliyatini 1989-yilda boshlab, “Respublika radioeshittirish va ovoz yozish uyi”, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazida xodim va boshliqning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Kozim Saidov 2019-yildan buyon vafotiga qadar Teleradioeshittirish bo‘limi boshlig‘i sifatida mehnat faoliyatini olib borgan.

“Kozim aka mehnat jamoasida katta obro‘ga ega, talabchan, o‘z ishiga mas’uliyatli, shogirdlarning mehribon ustozi, o‘z kasbining ustasi, fidoyi inson edi. Jamoada hammaga imkon darajasida yordam qilishga shoshilardi”, — deb xotirlanadi xabarda.

“O‘zkomnazorat” DI mehnat jamoasi marhumning oila-a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.

Avvalroq Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining boshqarma boshlig‘i va Madaniyat vazirligining yosh xodimi koronavirusdan vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, Davlat xizmatlari agentligi xodimi, Sergeli IIO FMB podpolkovnigi va Toshkent shahar IIBB mayori hamda IIV podpolkovnigi koronavirusdan vafot etganligi ham ma’lum qilingan.

Янгиликлар