IIV tibbiyot muassasasiga borayotgan avtotransport harakatiga maxsus ruxsatnoma talab etilmasligini ma’lum qildi

Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi, vazirning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shohrux Gʻiyosov AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda karantin vaqtida fuqarolardan kelib tushgan savollarga javob berdi.

Savol: 6 yoshli nabiram Toshkent shahrida endokrinologiya markazida qandli diabet bo‘yicha davolanmoqda. Muolajalar tugab, uyga javob berilsa, men Farg‘onadan borib, nabiramni olib kelishim uchun qanday hujjatlar talab etiladi?

Javob: “Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar ro‘yxati”ning 3-bandiga ko‘ra, tibbiyot muassasasiga borayotgan va undan qaytayotgan shaxsiy avtotransport vositalari harakatiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydi.

Jumladan, homiladorlik, tug‘ruq, tana jarohati, OIV/OITS, onkologik yordam, nurlanish terapiyasi, gemodializ yordamini ko‘rsatish, jarrohlik amaliyoti zarur bo‘lganda va inson hayotiga xavf tug‘dirayotgan boshqa holatlardir.

Avvalroq 13-iyuldan mahalliy poyezd va aviaqatnovlar to‘xtatilib, O‘zbekistonda qo‘shimcha karantin qoidalari kuchga kirgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, O‘zbekistonda 10-iyuldan 1-avgustgacha karantin tartibi e’lon qilingan. Unga ko‘ra, to‘ylar, shuningdek, avtomobillar qatnovi cheklanib, barcha hududlar 10-iyuldan “qizil” toifaga o‘tkazilgan. Bundan tashqari, dam olish kunlari avtotransport harakati butunlay cheklanishi ma’lum qilingan.

Янгиликлар