Andijonda kichik biznes bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan ayollarga 100 milliard so‘m kredit ajratildi
Andijon hokimi Shuhrat Abdurahmonov Prezident tomonidan yo‘naltirilgan mablag‘larni topshirish uchun viloyat xotin-qizlari bilan uchrashdi. Bu haqda Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Prezidenti raisligida 14-iyul, seshanba kuni yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbai bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev noma’qul illatlarni jamiyatdan chiqarish uchun ayollarga imkoniyatlar yaratish lozimligini ta’kidlagan edi.
“Bu yil xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘taramiz. 2020-yilda 5,5 ming nafar xotin-qizning kichik biznes yo‘nalishidagi loyihalariga 100 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit beriladi”.
Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti
Shu munosabat bilan Andijon viloyati hokimi 24-iyul kuni viloyat xotin-qizlari bilan uchrashib, ularga Prezident tomonidan yo‘naltirilgan mablag‘larni topshirdi.
Avvalroq Andijon viloyati Xonobod shahrida 24 nafar qizga OTMga qo‘shimcha grant asosida kirish uchun tavsiyanoma berilgani xabar qilingan edi.
Shuningdek, 9-iyul kuni Andijon viloyati Xovuskon ota ziyoratgohida bo‘lib o‘tgan tadbirda ogʻir ijtimoiy vaziyatdagi xotin-qizlar muammolarini bartaraf qilish maqsadida ularga 15 ta nogironlar aravachasi, 10 ta tikuv mashinasi, 17 ta minipech, 7 ta parkoʻrpa, 6 nafar ayolga 50 tadan parranda, bir nafar nogiron ayolning farzandiga noutbuk, 1 nafar ayolga kir yuvish mashinasi taqdim etilgan. 10-iyulda viloyatning Qo‘rg‘ontepa tumanida yolg‘iz yashovchi ayolga 2 sotixli issiqxona qurib berilgan.