Jo‘qorg‘i Kenges raisi Musa Yerniyazovning ahvoli og‘irligi ma’lum qilindi
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazovning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Bu haqda 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha shtab a’zosi Anvar Alimov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Musa Yerniyazov akademik Vohidov nomidagi klinikada davolanmoqda. U o‘pkani sun’iy shamollatish apparatiga ulangan.
“Men kuni kecha Qoraqalpog‘istondan keldim, Musa Yerniyazov davolanayotgan klinikada uch kun bo‘ldim. U, haqiqatan ham, akademik Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston filiali klinikasida davolmanmoqda. Respirator muolajalar olmoqda, o‘pkani sun’iy shamollatish tartibida davolanmoqda. Uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda, uni Turkiya yo boshqa biror joyga olib chiqish haqida gap yo‘q. Unga qarayotgan shifokorlar bilan bugun ham gaplashdik, u hozir Qoraqalpog‘istonda davolanmoqda”, — dedi Anvar Alimov.
Habibulla Oqilovning ta’kidlashicha, Musa Yerniyazovda koronavirus infeksiyasi tasdiqlanganidan beri u Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston filiali klinikasida davolanmoqda.
“U yerda Toshkentdan ikki shifokor va mahalliy, Nukusdagi shifokorlar ishlayapti, mana, Anvar Valiyevich borib keldilar, o‘tgan safar birga borib kelgandik. Turkiyalik shifokorlar guruhi kelganida, germaniyalik mutaxassislar bilan muloqot bo‘lganida, biz Nukus bilan videokonferensaloqa tashkil etgandik. O‘shanda Buxoro, Xorazmdagi bir qator bemorlar bilan bir qatorda Nukusda davolanayotgan Musa Yerniyazovning ahvoli bo‘yicha maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tgan va shunga asosan davolash rejasiga tegishli tuzatishlar kiritilgan edi”, — deya qo‘shimcha qildi Oqilov.
Avvalroq 18-iyul kuni Musa Yerniyazovning koronavirusga chalingani tasdiqlangan edi. 25-iyul kuni uning vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Tez orada bu xabarlarning dastlabki manbasi sifatida ko‘rsatilgan “Repost.uz” sayti xakerlar hujumiga uchragani ma’lum bo‘ldi va saytning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida raisning 20-iyul kuni vafot etgani haqidagi bu xabar rad etildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu xabarlarning asossiz ekanligini ta‘kidlab, bayonot berdi.
“Vaziyatga aniqlik kiritish uchun quyidagilarni bayon qilamiz:
Bu xabar haqiqatga mutlaqo zid. Musa Tajetdinovich hayot va ayni paytda davolanmoqda. Yetakchi mutaxassislar u kishining sog‘ligi tiklanishi uchun kurashishyapti, uzluksiz konsiliumlar o‘tkazilyapti. Asossiz xabar tarqatishning javobgarligi borligini unutmaslik lozim”.
Eslatib o‘tamiz, Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingani xabar qilingandi. Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova koronavirusga chalingan.