Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning kasal ekanligi ma’lum qilindi
Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolash muolajalarini olmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, vazir statsionar sharoitda davolanmoqda. Bemorning ahvoli qoniqarli holatda.
Eslatib o‘tamiz, 15-iyul kuni Prezident raisligidagi yig‘ilishda koronavirusga qarshi kurashni samarali tashkil qilmagani uchun Alisher Shodmonovga hayfsan berilgandi.
Avvalroq Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingani xabar qilingandi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova koronavirusga chalingan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 30-iyul 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 23 078 nafarni tashkil etgan. Ayni paytga qadar 13 432 nafar fuqaro sog‘aygan, hozirda 9512 nafar bemorga standartlar asosida davo choralari ko‘rilmoqda.