Koronavirus infeksiyasi pandemiyaga qadar “uyqu” rejimida bo‘lgan

Oksford universitetidagi Dalillarga asoslangan tibbiyot markazi xodimi Tom Jefferson “uyqu” rejimida bo‘lgan koronavirus infeksiyasi tabiiy sharoitlar yoki odamlarning ko‘p to‘planishi tufayli faollashgan, deb taxmin qilmoqda.

Uning ta’kidlashicha, dunyodagi ko‘plab viruslar faol emas va ular qulay sharoitlarda o‘zini namoyon qiladi. “SARS-1 (SARS-CoV koronavirusi keltirib chiqaradigan og‘ir o‘tkir respirator sindrom; uning epidemiyasi 2003 yilda ro‘y bergan) qayerga ketdi? U shunchaki ketdi. Shuning uchun biz yaxshilab o‘ylashimiz kerak”, — dedi Jefferson, virusning paydo bo‘lishi va mutatsiyaning qanday paydo bo‘lishini o’rganish kerakligini qo‘shimcha qilgan holda.

“Menimcha, virus allaqachon shu yerda bo‘lgan. “Shu yerda” deganda hamma joyda demoqchiman. Ehtimol, biz tabiiy sharoitlar ta’sirida faollashtirilgan “uxlayotgan” virusni kuzatmoqdamiz”, deb izoh berdi tadqiqotchi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, viruslar hech qayerdan kelmaydi va hech qayerga ketmaydi. Ularning faoliyatini qo‘zg‘ash uchun, Jeffersonning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy sharoitdan tashqari, odamlar gavjum joylar ko‘p bo‘lishi kerak.

May oyida BBC 2019-yil dekabr oyida gripp tashxisi qo‘yilgan bemor yangi koronavirusni yuqtirganligi haqida xabar bergan edi (deyarli o‘nlab kasalliklar 31-dekabr kuni Xitoy tomonidan e’lon qilingan, bir oy o‘tgach, Rossiyada dastlabki holatlar aniqlangan). Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoda birinchi marta koronavirusni yuqtirish holatlari o‘tgan yilning dekabr oyi boshlarida boshlangan bo‘lishi mumkinligini tan oldi.

Ma’lumot uchun, 2020-yil 6-iyul holatiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha koronavirus bilan kasallanganlar soni 11 563 642 nafarni tashkil etmoqda. Shulardan 6 538 541 nafari kasallikdan butunlay sog‘aygan. O‘lim holatlari 536 880 taga yetgan.

Янгиликлар