O‘zbekistondan dori vositalarini noqonuniy olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

O‘zbekistondan umumiy qiymati 95 478 040 so‘mlik dori vositalarini noqonuniy olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent viloyati prokuraturasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyat bojxona boshqarmasiga qarashli “Navoiy” chegara postida 8-iyul kuni soat 01:50 da Qozog‘iston fuqarosi A.J. O‘zbekistondan Qozog‘istonga o‘tish paytida post hududida bojxona nazoratiga oid tartib-qoidalarga rioya qilmagan.

Fuqaro bojxona xodimlari tomonidan neytral hududda to‘xtatilgan. Avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda mashinaning yukxonasida hech qanday yuk-kuzatuv hujjatlarsiz umumiy qiymati 95 478 040 so‘mlik jami 24 dona karton qutilarga joylashtirilgan “Parasetamol”, “Avifloks 500mg/100”, “Ulkaril 400mg”, “Amizon 0.25” va shunga o‘xshash 46 turdagi dori vositalarini Qozog‘iston Respublikasiga olib o‘tmoqchi bo‘lganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaro A.J.ga nisbatan 17-iyul, juma kuni Jinoyat kodeksining 182-moddasi (Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Avvalroq viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Andijon xalqiga murojaatida, qo‘lida koronavirusga qarshi ishlatiladigan 49 xil dori-darmon vositalari 3 oylik zaxirasining kaliti turganini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusdan uyida davolanayotgan bemorlar bepul dori-darmon bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, Quvada 235 million so‘mlik psixotrop moddalarni sotayotgan shaxs qo‘lga olingan edi.