Shavkat Mirziyoyev karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-iyul, payshanba kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda karantin cheklovlari uzaytirilishi ma’lum qilindi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezidentning qayd etishicha, bugungi kunda eng muhim vazifa aholi o‘rtasida virus zanjirini uzish hisoblanadi. Buning uchun karantin talablariga so‘zsiz amal qilish, ularning immunitetini mustahkamlash, sog‘lig‘ini asrab-avaylash, har bir insonning hayoti uchun kurashish zarur.
“Shu munosabat bilan kasallik yuqtirilishining oldini olish, o‘lim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirildi”, — deyiladi rasmiy xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 10-iyuldan O‘zbekistonda karantin tartibi keskin kuchaytirildi. To‘ylar va avtomobillar qatnovi cheklandi.
Keyinchalik 13-iyuldan O‘zbekistonda avia va temiryo‘l qatnovi faoliyati to‘xtatilishi, dam olish kunlari avtotransport harakati butunlay cheklanishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-iyul, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda hududlardagi vaziyatga qarab, karantin choralari kuchaytirilishi yoki yumshatilishi mumkinligi ma’lum qilingandi.