Farg‘onada transport boshqarmasi inspektori pora bilan ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat Transport boshqarmasi inspektori M.A. pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqida O‘zbekiston axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 17-iyul kuni fuqaro S.R. “Lasetti”sida yo‘lovchilar bilan karantin qoidalariga zid ravishda Farg‘ona halqa yo‘li bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtda viloyat YHXB inspektori, milliy gvardiya va transport boshqarmasi xodimi tomonidan to‘xtatilgan. Transport boshqarmasi inspektori fuqaro M.A. haydovchidan hujjatlarni olib qo‘ygan. Tegishli dalolatnomani rasmiylashtirish uchun viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga olib bormasdan, tegishli ma’muriy bayonnomani tuzmaslikni va’da qilgan. Farg‘ona shahridagi “Urjuza” shifoxonasi yonida sherigi orqali kimyoviy ishlov berilgan 500 ming so‘m pulni olib, haydovchining hujjatlarini qaytarib bergan vaqtda daliliy ashyo bilan ushlandi.

M.A.ning avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda ikki nafar haydovchini litsenziyasiz yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanganliklari holati yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar mavjudligi aniqlandi. Tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida viloyat transport boshqarmasi muvofiqlashtirish sektori 1- toifali inspektori M.A. rasmiylashtirilgan hujjatlar uchun chora ko‘rmaslik va ishni tinchitish evaziga hamkasbi orqali 100 AQSh dollarini pora sifatida olganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan inspektor M.A. va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Avvalroq Farg‘onada kadastr mutaxassisi pora talab qilgani uchun ishdan bo‘shatilgani, Yunusobodda ishga kiritib qo‘yish evaziga 400 dollar talab qilgan soliq xodimi ushlangani, Namangan shahrida firibgar ayol 800 AQSh dollari miqdoridagi pora bilan qo‘lga tushgani haqda xabar berilgandi.

Shuningdek, Namanganda 18-iyul kuni fuqaro A.T. o‘zining “M.S.” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 5 gektar yer maydonini sotmoqchi bo‘lib, pora olgan vaqtida qo‘lga olingan.