Toshkentda 32 yoshli homilador ayol koronavirusdan vafot etdi. Mamlakatda infeksiya qurbonlari soni 116 taga yetdi

Toshkentda koronavirusga chalingan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, poliorgan yetishmovchilikdan vafot etdi. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar Sergeli tumanida yashagan 32 yoshli ayol D.I.da 2-iyuldan holsizlik, isitma 38 darajagacha ko‘tarilishi, yo‘tal boshlangan va 6-iyul kuni u “Bebimed” xususiy klinikasiga murojaat qilgan. 9-iyulga qadar uy sharoitida davolangan.

9-iyuldan boshlab shahar 7-son tug‘ruq kompleksida “29 haftalik 5-homiladorlik, 4-tug‘ruq, ikki tomonlama pnevmoniya, semizlikning 2-darajasi, kamqonlik” tashxisi bilan statsionar sharoitida davolangan.

Unda COVID-19 tasdiqlangandan so‘ng esa 17 iyul kuni shahar 3-son tug‘ruq kompleksiga o‘ta og‘ir ahvolda o‘tkazilgan. U yerda unga koronavirus infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.

Bemorda 30 haftalik homiladorlik, shuningdek, asoratlangan akusherlik anamnezi, homilaning antenatal o‘limi, qandli diabet va semizlikning 2-darajasi bo‘lgan.

Bemorning asosiy kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarlarga qaramay, u o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, poliorgan yetishmovchilikdan vafot etgan.

Avvalroq Komil Allamjonov Og‘ir bemorlar va o‘limlar soni eplab bo‘lmaydigan darajada ortib ketishini, Milliy telekanalidagi “Tez yordam” ko‘rsatuvida koronavirus vaksinasi O‘zbekistonga 2021-yilda ham yetib kelmasligi mumkinligi haqida ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, JSST sobiq eksperti dunyoning 80 foiz aholisi vaksinasiz qolishini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 10-iyuldan 1-avgustgacha karantin tartibi keskin kuchaytirilgani, 13-iyuldan mahalliy poyezd va aviaqatnovlar to‘xtatilib, qo‘shimcha karantin qoidalari kuchga kirgani haqda xabar berilgandi.

Keyinchalik 23-iyul kungi selektorda Shavkat Mirziyoyev karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirdi. Shundan so‘ng O‘zbekistonda karantin cheklovlari 15-avgustgacha uzaytirildi. Bundan tashqari, karantin cheklovlari uzaytirilgani uchun Behzod Musayev xalqdan uzr so‘ragandi.

Янгиликлар