Andijonda avtomashina uchun stikerni 1 mln 200 ming so‘mga sotmoqchi bo‘lgan fuqarolar aniqlandi

Andijonda karantin vaqtida avtotransport harakati uchun stikerni pulga sotgan shaxslar ushlanib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati.

Foto: Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi

Xabarda aytilishicha, fuqarolar — Y.A., M.B. va Q.M. o‘zaro til biriktirib, fuqaro M.J.ga bir milliondan ortiq so‘m pul evaziga “Spark” avtomashinasi uchun karantin vaqtida respublika bo‘ylab erkin harakatlanish huquqini beruvchi “Yashil yo‘lak” ruxsatnomasini olib berishini aytgan. Ular stikerni fuqaro J.A. hamda “Yashil yo‘lak” dasturi bo‘yicha shtab a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Andijon Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassisi lavozimida ishlagan P.X.lar orqali olib berishni va’da qilgan. 2020-yil 23-iyul kuni soat 10:00 atrofida IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Andijon viloyati bo‘limi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor-tadbir davomida Oltinko‘l tumani hududida J.A. va P.X. J.M.dan jami 1 200 000 so‘m pul olayotgan vaqtida ushlangan.

Foto: Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi

Tergovga qadar tekshiruv davomida karantin vaqtida o‘z manfaatlari yo‘lida “Yashil yo‘lak” ruxsatnomasini pulga sotish bilan shug‘ullangan J.A. va P.X. tomonidan 10 dan ortiq fuqarolarning har biridan 250 000—300 000 so‘m pul olganligi, tegishli hujjatlarsiz ruxsatnomalar tayyorlab berganliklari aniqlangan.

Holat bo‘yicha Andjon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda karantin cheklovlari 15-avgustgacha uzaytirilgani hamda shanba va yakshanba kunlari kimlar avtomashinada harakatlanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, Davlat xizmatlari agentligi avtomobillarga maxsus stiker bermasligi va avtomashina o‘zgarsa, stiker almashtirib berilmasligi ma’lum qilingan.

Янгиликлар