AQSh O‘zbekistonga qiymati 902 ming dollarga teng tibbiyot vositalari va laboratoriya jihozlarini hadya qildi

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktikasi markazlari (CDC) 28-iyul, seshanba kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qiymati 902 000 dollarga teng tibbiyot vositalari va laboratoriya jihozlarini hadya qildi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlarning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, taqdim etilgan vositalar zamonaviy polimeraz zanjir reaksiyasi uskunalaridan foydalangan holda 25 000 ta COVID-19 testini o‘tkazishga imkon beradi. Ushbu texnologiya odam organizmida virusli DNK mavjudligini kasallik belgilari paydo bo‘lishidan avval aniqlaydi, bu esa sog‘liqni saqlash muassasalariga bemorni juda erta izolyatsiya qilish hamda pandemiyani tugatish uchun muhim bo‘lgan yuqish zanjirini uzishga imkon beradi.

“COVID-19 pandemiyasi biz uchun umumiy dushman va umumiy javobgarlikdir. Ushbu yordam uzoq vaqtdan buyon AQSh hukumatining O‘zbekistonning jamoatchilik sog‘lig‘ini saqlash yo‘lidagi tahdidlarga qarshi kurashida yordam berishga sodiqligiga asoslangan. Ushbu sheriklik epidemiya boshlanishidan ancha oldin boshlangan va u tugaganidan keyin ham davom etadi”, — deydi AQSh muvaqqat ishlar vakili Alan Melser.

Xabarda aytilishicha, ushbu yordam O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligini koronavirusga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlash uchun CDC e’lon qilgan 2,07 million dollarning bir qismi hisoblanadi. AQSh hukumati Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali koronavirusga qarshi kurash uchun tibbiy, laboratoriya va texnik ko‘mak sifatida yana qo‘shimcha qariyb 4,2 million dollar taqdim etgan. Bugungi kungacha AQShning bu borada O‘zbekistonga ko‘rsatgan umumiy yordami 6 million dollardan oshgan.

Kasallik avj olar ekan, CDC O‘zbekistonga shoshilinch tibbiy yordam markazlari tashkil etish, chegaradan o‘tish joylarida tibbiy ko‘rikni yaxshilash, klinik va laboratoriya nazorati, ma’lumotlar ustida ishlash va kontaktlar kuzatuvi bo‘yicha onlayn maslahatlar ham berib bordi, deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, CDC Markaziy Osiyo hukumatlari bilan sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha uzoq yillik hamkorlik tarixiga ega. U birinchi idorasini 1995-yili Olmaotada ochgan va bugungi kunda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonda o‘z vakolatxonalarini ochgan.

Avvalroq O‘zbekistonga COVID-19’ga qarshi kurashda ko‘mak berish uchun turk mutaxassislari kelgani va Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidentiga koronavirusga qarshi kurashda ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, germaniyalik professor O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha konsultatsiya bergani hamda Germaniya O‘zbekistonga tibbiyot buyumlari ko‘rinishida insonparvarlik yordami jo‘natgani ma’lum qilingandi.

Янгиликлар