Namanganda 4 kun ichida 5 nafar bola ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Bolalarning barchasi vafot etgan

Namangan viloyatida 4 kun davomida bolalar bilan bog‘liq 5 ta yo‘l transport hodisasi sodir etildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 24-iyul kuni soat 19:55 larda Yangiqo‘rg‘on tumanining Hadikent ko‘chasida yashovchi fuqaro “GAZ 24” mashinasining orqa ochiq joyiga 2 yoshli jiyanini o‘tqazib qo‘ygan. Haydovchi avtomashinani yurgizish uchun harakatlantirayotgan vaqtida bolakay mashinadan tushib qolgan. Haydovchi buni payqamay, mashinani orqaga harakatlantirishi natijasida bola mashina g‘ildiraklari ostida qolib ketgan. Bosh sohasidan o‘ta og‘ir darajada tan jarohati olgan 2 yoshli go‘dak shifoxonada vafot etdi.

Foto: Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati

Undan tashqari, Namangan—Uychi—Uchqo‘rg‘on avtomobil yo‘lida harakatlanayotgan “Nexia” avtomashina haydovchisining yo‘liga birdan 3 yoshli qizaloq chiqib qoladi. Haydovchi harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, qizni urib yuborgan. Og‘ir tan jarohati olgan qizaloq shifoxonada vafot etgan.

Foto: Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati

Shuningdek, Chortoq tumanida ham yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi. 27-iyul kuni soat 18:30 larda velosiped haydab kelayotgan 4-sinf o‘quvchisi mashinaning orqa o‘rindig‘ida 2-sinfda o‘qiydigan jiyanini olib kelayotgan vaqtida boshqaruvni yo‘qotib velosiped bilan yiqilib tushadi. Velosipedni orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan bola “ZIL 130” rusumli transport vositasining orqa g‘ildiragiga yiqilishi oqibatida, yuk mashinasi uni bosib ketadi. Og‘ir tan jarohati olgan 8 yoshli bola shifoxonada vafot etgan.

Foto: Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati

Foto: Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati

Viloyatda 28-iyul kuni ikkita yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan. Namangan shahrining “Mingterak” mahallasida “Spark” haydovchisi mashinasini uyidan tashqariga olib chiqish uchun orqaga harakatlangan vaqtida qo‘shnisining farzandini urib yuborgan. Og‘ir tan jarohati olgan 2 yoshli bola voqea joyida vafot etgan.

Xuddi shu kuni soat 18:30 larda Chortoq tumanida “Tinchlik” mahallasining ichki yo‘lida “Lacetti” haydovchisi harakatlanib ketayotgan vaqtida birdan yo‘lga yugurib chiqqan 6 yoshli qizni urib yuborgan. Jabrlanuvchi og‘ir tan jarohati bilan shifoxonada vafot etgan.

Ushbu holatlar yuzasidan Namangan shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Farg‘onada “Nexia” va “Tico” avtomashinalari to‘qnashishi oqibatida haydovchilardan biri vafot etgani, Samarqandda YTH oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani va Farg‘onada “Gentra” haydovchisi velosipedchini urib yuborgani haqida xabar berilgandi.