Toshkentda 2 mingdan ortiq fuqaroning 1,7 mln dollarini qo‘lga kiritgan kripto-firibgar O‘zbekistondan chiqib ketgani ma’lum qilindi

“World Crypto Capital” MChJ rahbari Aleksey Meng O‘zbekistonda 2 mingdan ortiq fuqaroning jami 1,7 million dollarini qo‘lga kiritib, mamlakatdan chiqib ketgan. U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining uchta moddasiga ko‘ra xalqaro qidiruvga berilgan. Bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga tayanib, “UzNews” xabar qildi.

Foto: “UzNews”

Xabarda aytilishicha, 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Aleksey Meng “World Crypto Capital” MChJga rahbarlik qilgan va www.icgexpert.com (ICG investitsiyasi uchun platforma) internet portali orqali firibgarlik sxemasi asosida fuqarolardan pul mablag‘lari jalb qilish bilan shug‘ullangan. Mazkur portal orqali firibgarlik yo‘li bilan O‘zbekistonning 2 mingdan ortiq fuqarosidan 1,7 million dollar undirilgan.

Undirilgan pul mablag‘larini o‘zlashtirish uchun Aleksey Meng va uning sheriklari 2019-yilning dekabr oyida kompaniya faoliyatini to‘xtatgan va O‘zbekistondan chiqib ketgan.

Foto: “UzNews”

Kompaniya yopilganidan keyin Aleksey Meng Moskvada ta’tilda ekanligini aytib, mijozlarni ishontirishda davom etgan. Biroz vaqtdan keyin elektron platformaning o‘zi ham g‘oyib bo‘lgan. O‘sha paytda kompaniya tomonidan berilgan hujjati bo‘lgan shaxslar mazkur shartnomalar 100 ming so‘mlik konsalting xizmati uchun tuzilganini aniqlashgan.

Mengning o‘zi Facebook’dagi sahifasida holatni quyidagicha izohlagan:

“Biznesimdagi yo‘nalishlardan biri bu yuqori riskli investitsiyalardir. Ulardan taxminan yillik (hayp loyihalardan) 250—300% foyda keltiradi. Mana shu yo‘nalishda maslahat berish uchun O‘zbekistonda konsalting kompaniya ochdim. Barcha mijozlar yuqori xavf haqida uch ko‘rinishda — og‘zaki ko‘rinishda, foydalanuvchi kelishuvi yo‘li bilan va shartnoma yordamida ogohlantirilgan. Shartnomada xavf haqda ogohlantirish jumlalarini qalin yozuvda ajratib ko‘rsatganman. Bunga qo‘shimcha, bepul moliyaviy savodxonlik kurslari ham tashkil etilib, bu haqda batafsil tushuntirilgan. Ular katta foyda olgan payti hammasi yaxshi ketayotgan edi. Pulini yo‘qotgach esa ko‘pchilik mijozlar o‘zlari qo‘l urgan xavfga javobgarlikni bo‘yniga olishni istamadi. Menga va xodimlarimga tahdidlar boshlandi. Eshik yo‘lagida kutadigan bo‘lishdi. Hayotimiz xavf ostida qolgani uchun mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘ldik”.

Kompaniya 2018-yil oxirida o‘z xizmatlarini ommabop OAVda faol reklama qilishni boshlagan. U o‘zini O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishiga, blokcheyn haqida ma’lumotlarning mavjudligi va aholining daromadlarini oshirishga ko‘maklashuvchi tashkilot sifatida ko‘rsatgan. Keyinchalik kompaniya internet, shuningdek, uning xizmatlaridan foydalanganlar orqali mashhur bo‘lishni boshlagan.

Kompaniya loyihasiga pul tikuvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri maslahatlashishda kompaniya xodimlari ularga qonuniy to‘lov vositasi bo‘lgan kriptovalyuta sotib olishlarini tushuntirgan. Shu bilan birga, har bir omonatchida elektron resursda shaxsiy kabinet mavjud bo‘lib, unda omonat miqdorini ham, mablag‘larning kelib tushishini ham kuzatish mumkin edi. Ayrim ehtiyotkor fuqarolar tomonidan o‘tkazib beriladigan summa nega shartnomada ko‘rsatilmaganligi haqida so‘ralganda xodimlar barcha summalar foydalanuvchining shaxsiy kabinetida ko‘rsatilishiga ishontirgan.

“Kompaniyaning rahbari va maslahatchilari qurboniga aylangan fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki to‘lov 1000 dollar bo‘lgan, bir hafta ichida 500 dollar mijozlarga qaytarilgan. Omonatlardan dividendlar olinganligi sababli kompaniya boshlang‘ich mablag‘lar miqdorini oshirishni talab qilgan. MChJ vakillarining “rost so‘zi”ga ko‘ra, pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda mijozlar mamnun bo‘lgan”.

Bugungi kunga kelib, O‘zbekistonda sodir etilgan moliyaviy firibgarliklar sababli jinoiy javobgarlikdan qochish uchun Aleksey Meng Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Alex Meng profili orqali mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida provokatsion kampaniya o‘tkazmoqda.

Foto: “UzNews”

Aleksey Meng va uning sheriklariga nisbatan O‘zbekistonning vakolatli organlari Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismining “a”, “v” bandlari (Uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab juda ko‘p miqdorda sodir etilgan firibgarlik), 188-1-moddasi 3-qismining “a” va “v” bandlari (Uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab juda ko‘p miqdorda pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) va 190-modda 2-qismining “a”, “v” bandlari (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib juda ko‘p miqyosda litsenziyasiz faoliyat yuritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Farg‘onada firibgarlik jinoyatini sodir etib, tergovdan yashiringan ayol qo‘lga olingani xabar qilingan edi. Shuningdek, Andijon mashinasozlik instituti rektori fuqarolardan o‘qishga olib kirib qo‘yishni va’da qilayotganlarga ishonmaslikni so‘ragan.

Янгиликлар