Bir tomchi qon bilan yarim soatda koronavirusni aniqlash usuli ishonchlimi?

AOKA huzuridagi shtabda 21-iyul kuni Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda internetda barmoq uchidan olingan bir tomchi qonda COVID’ga test olinib, yarim soatda natijasini bilish mumkinligi haqidagi videolar yuzasidan ma’lumot berildi.

Foto: “Haberofisi”

Nurmat Otabekovning ta’kidlashicha, koronavirusga tashxis qo‘yishning 3 usuli bor:

– PZR tahlil usuli;

– immunoferment tahlil usuli;

– ekspress-test usuli.

Ma’lumotlarga ko‘ra, barmoq uchidan qon olib tekshirish — ekspress usul hisoblanib, tahlil javobi 10—15 minutda tayyor bo‘ladi. Ekspress usulining afzalliklaridan biri bu qisqa vaqt ichida qonda antitanachalar bor yoki yo‘qligini (immunitet) aniqlash imkonini berib, aksariyat hollarda aholining mazkur kasallik bilan kasallanib o‘tganligini bilish maqsadida qilinadi.

“Ekspress usul orqali M-immunoglobulinlar aniqlanishi kasallikni yaqinda o‘tkazganligi, G-immunoglobulining aniqlanishi kasallanib o‘tganligiga ancha bo‘lganligini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda tashxislashning IFA va ekspress usullaridan foydalanishga ruxsat berilgan”, — deydi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i.

Avvalroq spirtli ichimliklarni iste’mol qilish koronavirusni yo‘qotishga yordam berish-bermasligi haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 21-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra, 17 881 nafarni tashkil etgan. Shundan 9521 kishi sog‘aygan bo‘lsa, 8265 nafar bemorga shifokorlar tomonidan davo choralari ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning COVID’ga qarshi ilk mahalliy vaksinasi tayyor bo‘lgan, O‘zbekiston va Xitoy esa birgalikda koronavirusga qarshi vaksina sinovini o‘tkazishi mumkin.