JSST vakili COVID-19’ga qarshi vaksina bilan 2021-yilgacha hech kim emlanmasligini aytdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining favqulodda vaziyatlar dasturi rahbari Maykl Rayan tadqiqotchilar COVID-19 infeksiyasiga qarshi vaksina ishlab chiqishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgani, lekin ularni 2021-yilga qadar qo‘llashni kutmaslik kerakligini aytdi. Bu haqda “Reuters” xabar qildi.

Foto: “Getty Images”

Rayanning aytishicha, “agar vaziyatga xolis baho bersak”, odamlarni emlash 2021-yilning birinchi yarmida amalga oshirila boshlaydi.

“Hozirda bir qator preparatlar klinik sinovdan o‘tmoqda va ulardan hali hech biri xavfsizlik nuqtayi nazaridan muammo tug‘dirmadi”, — deydi Rayan.

JSST vakili, shuningdek, tashkilot preparatlarni adolatli taqsimlash bo‘yicha ishlayotganini ma’lum qilgan.

“Koronavirusga qarshi vaksina boylar yoki kambag‘allar uchun emas. Vaksina hamma uchun”, — deydi u.

Koronavirusga qarshi vaksina bir nechta mamlakatda, jumladan, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQShda ishlab chiqilmoqda. Xitoy rasmiylari mart oyining o‘rtalaridayoq preparatning klinik sinovlarini o‘tkazishga ruxsat bergan. Shuningdek, sinovlar yakunlangach, preparatni butun dunyoga tarqatishga va’da bergan.

AQShda vaksinani odamlarda ilk bor sinab ko‘rish aprelda boshlangan. Iyulning o‘rtasida “Moderna” kompaniyasi preparatlarining klinik sinovlari birinchi bosqich natijalari ma’lum bo‘lgan: u barcha ishtirokchilarda virusga qarshi immunitetni oshirgan.

Rossiyada uchta muassasa — Novosibirsk yaqinidagi “Vektor” virusologik tadqiqotlar markazi, Federal tibbiy-biologik agentligining Peterburg vaksina va zardob instituti hamda Moskvadagi N.F.Gamalei nomli markaz vaksina sinovlarini o‘tkazmoqda.

Gamalei nomli markaz vaksinani Sechenov universitetida va Burdenko harbiy kasalxonasidagi ko‘ngillilar bilan sinovdan o‘tkazmoqda. Hozirda testlar ikkinchi bosqichga yetgan. Muassasa rahbari Mixail Murashkoning aytishicha, vaksina allaqachon o‘zining xavfsizligi va samaradorligini isbotlagan. O‘z navbatida, bosh vazir Mixail Mishustin Rossiyada kasallikka qarshi haqiqatan ham himoya qiluvchi vaksina kuzda yaratilishi mumkinligini aytdi.

Avvalroq Rossiyada COVID-19’ga qarshi ilk mahalliy vaksina tayyor bo‘lgani xabar berilgan edi.

Amerikalik olimlar esa koronavirusni antitanalardan iborat kokteyl bilan yo‘q qilish mumkinligini va bu oktabr oyida odamlarda sinab ko‘rilishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Янгиликлар