Kattaqo‘rg‘onda umumiy qiymati 3,5 mln so‘mdan ortiq quvurni o‘g‘irlaganlar ushlandi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani “Navbahor” mahallasidagi uydan umumiy bahosi 3 600 000 so‘mlik temir quvurlarni o‘g‘irlab ketgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Ichki ishlar bo‘limi

Ma’lumotlarga ko‘ra, 23-iyul kuniga o‘tar kechasi 31 yoshli fuqaro S.X.ning uyidan 3 dona quvur o‘g‘irlab ketilgan. Quvurlar uyning tashqi tomonida bo‘lgan. Har birining uzunligi 6 metrdan 150 diametrli, umumiy qiymati esa 3 600 000 so‘mni tashkil etgan.

Kattaqo‘rg‘on tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir natijasida mazkur jinoyatni Kattaqo‘rg‘on shahar Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida yashovchi 21 yoshli A.A. va shu ko‘chada yashovchi 18 yoshli B.S. sodir etganligi aniqlandi. Ulardan ikki dona temir quvurlar tegishli tartibda daliliy ashyo sifatida olindi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘irlik) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Qo‘qonda sheriklari bilan o‘g‘rilik qilib, qidiruvda yurgan shaxs qo‘lga olingan. Undan tashqari, 200 metr mis kabellarni o‘g‘irlagan shaxs javobgarlikka tortilgan edi. Shuningdek, Qo‘qonda o‘g‘rilikka qo‘l urgan ayol jamoatchilik kafilligi ostida qamoqdan ozod qilingan.

Avvalroq Toshkentda 16 yoshli bolaning 6,5 million so‘mlik buyumlarni talon-toroj qilgan haydovchi ushlangani, Andijonda fuqaroni urib, mashinasidan 500 dollar va 60 ming so‘m olganlikda gumon qilinib, 4 kishi qo‘lga olingani, Farg‘onada 700 ming so‘mlik telefon o‘g‘irlagan jinoiy guruh qo‘lga olingani, Qo‘qonda talonchilik qilgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi.

Янгиликлар