Samarqandda yuk mashinasidagi 5 340 dollar va 3 600 000 so‘m pullarni o‘g‘irlagan 25 yoshli qiz ushlandi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani “Omonboy” mahallasida yashovchi 25 yoshli D.Sh.ning mashinasidan 5340 AQSh dollari va 3 600 000 so‘m pullarni o‘g‘irlagan shaxs ushlandi. Bu haqida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Ichki ishlar boshqarmasi

Ma’lumotlarga ko‘ra, Fuqaro D.Sh. 16-iyul kuni soat 21:30 larda “Kamaz”ida Narpay tumanidan Toshkent shahriga borish uchun yo‘lga chiqqan. Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi 25 yoshli S.U.ni Oqtosh shahridan yo‘lovchi sifatida olgan.

Samarqand shahar O‘zbek Trakt ko‘chasida joylashgan Ulug‘bek Shoh bekatiga yetib kelib, soat 23:40 larda haydovchi oziq-ovqat xarid qilish uchun mashinadan tushgan. Yo‘lovchi S.U. mashinadagi 5340 AQSh dollari va 3 600 000 so‘m miqdoridagi pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilgan. So‘ng voqea joyidan yashiringan.

Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida fuqaro S.U. ushlangan. Undan 800 AQSh dollari miqdoridagi pullar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Qo‘qonda sheriklari bilan o‘g‘irlik qilib, qidiruvda yurgan shaxs qo‘lga olingan. Undan tashqari, 200 metr mis kabellarni o‘g‘irlagan shaxs javobgarlikka tortilgan edi.

Shuningdek, Qo‘qonda o‘g‘rilikka qo‘l urgan ayol jamoatchilik kafilligi ostida qamoqdan ozod qilingan.

Avvalroq Toshkentda 16 yoshli bolaning 6,5 million so‘mlik buyumlarni talon-toroj qilgan haydovchi ushlangani, Andijonda fuqaroni urib, mashinasidan 500 dollar va 60 ming so‘m olganlikda gumon qilinib, 4 kishi qo‘lga olingani, Farg‘onada 700 ming so‘mlik telefon o‘g‘irlagan jinoiy guruh qo‘lga olingani, Qo‘qonda talonchilik qilgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi.