Jizzaxda koronavirusga chalingan 64 yoshli bemor vafot etdi

Koronavirusga chalingan jizzaxlik 64 yoshli erkak vafot etdi. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Jizzax viloyati Baxmal tumanida yashagan 64 yoshli erkak B.Sh.da COVID-19 tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Shifoxonada unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik asorati bilan kechgan.

Shuningdek, bemorda yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, qandli diabet, semizlikning 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan.

Bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan va yurak-qon tomir yetishmovchiligi, saturatsiya ko‘rsatkichi pasayib borishi, nafas olishining qiyinlashuvi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramay, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Avvalroq Komil Allamjonov Og‘ir bemorlar va o‘limlar soni eplab bo‘lmaydigan darajada ortib ketishini, Milliy telekanalidagi “Tez yordam” ko‘rsatuvida koronavirus vaksinasi O‘zbekistonga 2021-yilda ham yetib kelmasligi mumkinligi haqida ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, JSST sobiq eksperti dunyoning 80 foiz aholisi vaksinasiz qolishini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 10-iyuldan 1-avgustgacha karantin tartibi keskin kuchaytirilgani, 13-iyuldan mahalliy poyezd va aviaqatnovlar to‘xtatilib, qo‘shimcha karantin qoidalari kuchga kirgani haqda xabar berilgandi.

Keyinchalik, 23-iyul kungi selektorda Shavkat Mirziyoyev karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirdi. Shundan so‘ng O‘zbekistonda karantin cheklovlari 15-avgustgacha uzaytirildi. Bundan tashqari, karantin cheklovlari uzaytirilgani uchun Behzod Musayev xalqdan uzr so‘ragandi.

 

Янгиликлар