Navoiyda noqonuniy undirilgan 7,3 milliard so‘mlik soliq mablag‘lari egasiga qaytarildi

Navoiy viloyatida faoliyat yuritadigan “GREEN LINE PROFIL” MChJ ma’muriyati bankdagi hisob raqamidan soliq undirish bo‘yicha anglashilmovchiliklar yuzaga kelgani bois viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi “GREEN LINE PROFIL” MChJ tomonidan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali aniqlashtirilgan hisobotlarning taqdim qilinishiga qaramasdan, korxonaning bankdagi hisob raqamidan 2020-yil 27-fevraldagi inkasso topshiriqnomasiga asosan 687 915 221,58 so‘m, 2020-yil 20-apreldagi inkasso topshiriqnomasiga asosan esa 6 595 044 830,61 so‘m miqdoridagi mablag‘lar majburiy tartibda undirib olingan.

Mazkur holatga asos sifatida Soliq kodeksining 75-moddasiga 8-bandiga ko‘ra qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar, shu jumladan, tovarlar O‘zbekiston hududiga olib kirilishida (importida) soliq solishdan bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirish sharti bilan berilishi mumkin emasligi, shuningdek, kodeksning 266-moddasi 1-qismi 3-bandiga ko‘ra hisoblab chiqarilgan soliqning umumiy summasini kamaytirishga tovarlar olib kirilgan (import qilingan) taqdirda soliq budjetga to‘langanda haqli bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, “GREEN LINE PROFIL” MChJ 2015-yildan buyon “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasining ishtirokchisi hisoblanadi. Iqtisodiy zona ishtirokchilariga esa qonunchilikda bir qator imtiyozlar belgilangan. Jumladan, “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi, “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonunlari, “Navoiy viloyatida erkin iqtisodiy zona tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident farmonida mazkur imtiyozlar keltirib o‘tilgan.

“Bunda, asosan, Prezidentning 2019-yil 15-maydagi “Navoiy viloyatini innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy zona sifatida belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni alohida ahamiyatga ega. Unga ko‘ra, “Navoiy” EIZ ishtirokchisi maqomini olgan Navoiy viloyatidagi korxonalarda mavjud ishlab chiqarish bilan bog‘liq jarayonlar maqsadli yo‘naltirilgan hollarda mahsulot eksport qilinganda vujudga keladigan qo‘shilgan qiymat solig‘ining manfiy summasi qaytarilmasligi huquqi bilan bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilgan”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, ushbu holatda inspeksiya tomonidan Soliq kodeksining 4-moddasida keltirilgan qoida, ya’ni 2020-yilning 1-yanvarigacha qabul qilingan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida, shu jumladan, Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan imtiyozlar ularning amal qilish muddati tugaguniga qadar amal qilishi nazarda tutilganligi e’tiborga olinmagan.

Qolaversa, Soliq kodeksining 13-moddasida soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagi barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq to‘lovchining foydasiga talqin etilishi belgilab berilgan.

Yuqoridagilarga asosan korxonaga nisbatan qo‘llanilishi kerak bo‘lgan erkin iqtisodiy zona ishtirokchisi uchun kafolatlangan qonun hujjatlari tatbiq etilmasdan, korxonaning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilib, taqdim qilingan aniqlashtirilgan hisobot tahlil qilinmasdan, noqonuniy ravishda korxona tomonidan tan olinmagan soliq summasi bankdagi hisobidan undirib olingan.

Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasiga taqdimnoma kiritish yo‘li bilan “GREEN LINE PROFIL” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga noqonuniy undirilgan 7,3 milliard so‘mlik pul mablag‘larining qaytarib berilgani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasiga yangi rahbar tayinlangan edi. Undan oldin Samarqandda davlat soliq boshqarmasiga yangi rahbar tayinlangani xabar qilindi.

Shuningdek, O‘zbekistonda ayrim soliq imtiyozlari va preferensiyalar 2020-yil yakuniga qadar uzaytirildi.

Янгиликлар