Virusolog xlorli yo‘lakchalar inson salomatligi uchun xavfli ekanligini ta’kidladi

“Milliy” telekanalidagi “Tez yordam” ko‘rsatuvining 24-iyul kungi sonida respublika bo‘ylab yo‘llarda o‘rnatilgan postlarda, tashkilot va binolarning kirish qismida tashkil etilgan xlorli yo‘lakchalarning inson salomatligiga ta’siri haqida virusolog Dildora Sekler va Innovatsion sog’liqni saqlash milliy palatasi tibbiy standart va protokollarni ishlab chiqarish bo’limi boshlig’i Klara Yodgorova ma’lumot berdi.

Kadr: Telegram

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xlorli yo‘lakchalarni tavsiya qilmaydi. Chunki ular inson salomatligi uchun zararli. Xlordan kelib chiqadigan bug‘larni hidlash, xlor bilan tanaga teginish judayam xavfli usul hisoblanadi. Bu borada JSSTning insonlar uchun xlor vositalaridan foydalanmaslik xususida o‘z tavsiyalari bor”, — deydi Innovatsion sog’liqni saqlash milliy palatasi tibbiy standart va protokollarni ishlab chiqarish bo’limi boshlig’i.

Virusolog Dildora Seklerning so‘zlariga ko‘ra, xlor inson tanasi terisining birinchi qavatiga tushganda teri qavatining butunligi buziladi va virus yanada yaqin kelishi mumkin bo‘ladi. Xlorli yo‘lakchalar yonida xizmat qiluvchilar ushbu holatdan eng ko‘p zararlanuvchilar hisoblanadi.

Kadr: Telegram

Ta’kidlanishicha, koronavirus O‘zbekistonga kirib kelganida mutaxassislar, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari uchun notanish virus bo‘lganligi bois bunday usul (xlorli yo‘laklar) Xitoy tajribasidan kelib chiqib tadbiq etilgan.

Avvalroq shirchoy koronavirusni davolashi, sarimsoqpiyoz damlamasi koronavirusga davo bo‘lish-bo‘lmasligi hamda asal va kunjut aralashmasi koronavirusni davolovchi xususiyatga ega emasligi borasida mutaxassislar ma’lumot bergandi.

Shuningdek, Komil Allamjonov koronavirus vaksinasi 2021-yilda ham yetib kelmasligi mumkinligi haqida ma’lum qilgandi.

Янгиликлар