Namangan viloyati Bandlik bosh boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi

Namangan viloyati hokimligining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari kotibiyati mudiri lavozimida ishlab kelayotgan Rahmonjon Rasulov viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Rahmonjon Rasulov 1974-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1998-yilda Namangan sanoat-texnologiya instituti, 2001-yilda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mehnat faoliyatini 1992-yilda Namangan tumanidagi ishlab chiqarish va savdo tajriba korxonasida boshlagan. 1994—2019-yillarda Namangan tumanidagi “Chinor-N” savdo-ishlab chiqarish hissadorlik jamiyati raisi o‘rinbosari, Namangan tumani matlubot ulgurji-chakana savdo hissadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, Namangan tumani hokimligining iqtisodiyot bo‘limi bosh mutaxassisi, tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifalarida faoliyat yuritgan.

2019-yildan hozirgi vaqtgacha Namangan viloyati hokimligining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari kotibiyati mudiri lavozimida ishlab kelayotgan Rahmonjon Rasulov Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2020-yil 23-iyuldagi buyrug‘i bilan Namangan viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan.

Avvalroq Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasiga Otabek Tursunov, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga Muhammadzokir Mamatxonov, Samarqandda davlat soliq boshqarmasiga Alovuddin Inagamov, Yilqichilik va ot sporti federatsiyasiga O‘ktam Barnoyev yangi rahbar etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.

Янгиликлар