Moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Tursunov 55 yoshida vafot etdi. Uning o‘limiga koronavirus sabab bo‘lishi mumkin

Moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Ergashevich Tursunov 29-iyul kuni 55 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Foto: Moliya vazirligi matbuot xizmati

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Yorqin Tursunov koronavirus infeksiyasini yuqtirib olishi oqibatida olamdan o‘tgan.

Yorqin Tursunov 1965-yilda Samarqand viloyating Xatirchi tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1990-yilda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahri hokimiyati moliya bo‘limi aholini ijtimoiy himoyalashni moliyalashtirish bo‘yicha nazoratchi inspektori, byudjet inspeksiyasi I toifali iqtisodchisi lavozimidan boshlagan.

Keyinchalik

  • 1993—2002-yillarda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahri hokimiyati moliya bo‘limi mudiri o‘rinbosari — byudjet inspeksiyasi boshlig‘i, keyinchalik bo‘lim mudiri;
  • 2002—2006-yillarda Navoiy viloyati hokimiyati moliya boshqarmasi boshlig‘i;
  • 2006—2012 va 2016—2018-yillarda moliya vaziri o‘rinbosari;
  • 2012—2016-yillarda Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Ijtimoiy va moliyaviy ta’minot xizmati boshlig‘i;
  • moliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga qadar, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan. Shuningdek, hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlari, ularni moliyalashtirish bo‘yicha samarali faoliyat olib borgan.

Avvalroq Romitan tumani Xalq qabulxonasi mudiri Akbar Salohiddinov, Qoraqalpog‘iston sobiq prokurori Hakimbay Halimov, Oliy sud xodimi Baxtiyor Mukadirov, Sergeli IIO FMB podpolkovnigi Abdulaziz Toshev, Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov, Qonliko‘l tumani hokimi Davlat Tolibayev koronavirusdan vafot etgani haqda xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 29-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, 276 nafarga oshib, jami kasallanganlar soni 22 169 nafarni tashkil etgan. Shulardan 12 265 nafari sog‘aygan bo‘lsa, 9777 nafariga davo choralari ko‘rilmoqda.