Koronavirus “daily” — pandemiya bo‘yicha 24-iyulning asosiy xabarlari

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha koronavirus bilan kasallanganlar 15 million kishidan oshib, 16 millionga yaqinlashdi. Koronavirus pandemiyasi bo‘yicha 24-iyulning asosiy xabarlari.

Jons Hopkins universitetining Toshkent vaqti bilan soat 18:10 dagi ma’lumotlariga ko‘ra:

  • dunyo bo‘yicha infeksiya bilan kasallanganlar — 14 976 453 kishi;
  • kasallikdan tuzalganlar — 8 882 923 kishi;
  • infeksiya oqibatida vafot etganlar — 634 069 kishi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda 24-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilgan bemorlar soni 193 kishiga ko‘payib, 19 179 nafarni tashkil etayotgani haqida xabar berdi. O‘zbekistonda epidemiya boshlanganidan buyon esa 104 kishi vafot etgan.

O‘zbekistondagi vaziyat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsud Qurbonboyev Sog‘liqni saqlash vazirligi har bir bemorga qancha pul sarflanayotgani, qancha shifokor himoya vositasi bilan ta’minlangani, qanchasi kasallangani, qayerda shifokorlar yetishmayotganini yashirmasdan, ochiq aytishi kerak, degan fikrda.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Deputatga ko‘ra, tibbiyot xodimlarining maoshlari kamida 2 barobarga oshirilishi, mehnat ta’tili va o‘z hisobidan ta’tilga chiqqan tibbiyot xodimlarining barchasi ishga qaytarilishi, shuningdek, tibbiyot yo‘nalishida ta’lim olayotgan oliy ta’lim muassasalarining 5—6-kurs talabalari koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga jalb etilishi kerak.

Mahalla vazirligi bir hafta ichida ehtiyojmand oilalarga 14 milliard soʻmdan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilganini, shuningdek, 330 ta oilaga qiymati 52 million 400 ming soʻm miqdordagi dori-darmonlar ham tarqatilgani haqida ma’lum qildi.

Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi kurashdagi fidoyiligi uchun mukofotlanganlar roʻyxati eʼlon qilindi. Shavkat Mirziyoyev “Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik koʻrsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qozogʻiston Oʻzbekistonga 600 tonna bugʻdoy uni, 250 tonna grechixa, 100 ming litr oʻsimlik yogʻi va 50 ming sut konservalaridan iborat insonparvarlik yordamini joʻnatadi.

Buxoro viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi koronavirus bilan ogʻrigan bemorlarga yordam berish maqsadida “Dynmed” kompaniyasining har biri 12 million soʻm turuvchi 50 dona tibbiyot konsentratorini sotib olgani haqida xabar berilgandi. “Gazeta.uz” ushbu tibbiyot uskunasining asl narxi qancha ekani va uni yetkazib beruvchi tadbirkorlik subyekti haqidagi maʼlumotlarni taqdim etdi.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi maxsus shtabi

Namangan viloyatining Pop tumanidagi yangi qurib bitkazilgan karantin hududiga xorijdan qaytgan bir guruh fuqarolar joylashtirildi. Ma’lum qilinishicha, xorijdan, asosan, Rossiyadan qaytganlar jami 750 nafardan ortiq, ularga 82 nafar tibbiyot xodimi biriktirilgan.

Foto: Namangan viloyati hokimligi huzuridagi Koronaviurs profilaktikasi shtabi

Toshkent shahri tumanlari rahbarlari koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etishda bahamjihat harakat qilish maqsadida 23-iyul kuni oʻz tumanlari aholisiga toʻgʻridan toʻgʻri efir orqali murojaat bilan chiqdi, deb xabar bermoqda “Kun.uz”. “Oilaviy” telekanali efirida uzatilgan murojaatda tuman hokimlari bilan birga sektor rahbarlari, Mudofaa, FVB, SSB, SEOM rahbarlari ham ishtirok etdi.

Tataristonning Qozon federal universitetining 300 dan ortiq o‘zbekistonlik talabalari Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat yoʻllab, oʻzlari uchun charter reys tashkillashtirilib berilishini iltimos qildi. Avvalroq Tomskdagi oʻzbekistonlik talabalar bosh vazir Abdulla Aripovga videomurojaat yoʻllab, uylariga qaytish uchun charter reys tashkillashtirib berishni iltimos qilgan edi. Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga binoan, Rossiyaning Novosibirsk shahridan 200 ga yaqin oʻzbekistonlik talaba charter reys orqali Toshkentga olib kelingan.

Kadr: Telegram

Germaniyalik professor O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha konsultatsiya berdi. U mamlakatning turli hududlarida ahvoli og‘ir bemorlarni samarali davolash bo‘yicha zarur tavsiyalarini bermoqda, natija esa davo muolajalarini korreksiya qilishga yordam bermoqda. Avvalroq epidemiolog nega Germaniyada koronavirusdan o‘lim darajasi past ekanligini izohlab bergani hamda boshqa nemis mutaxassisi koronavirusni butunlay yengib bo‘lmasligini ma’lum qilingani haqida xabar berilgandi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Shuningdek, O‘zbekistonga COVID-19’ga qarshi kurashda ko‘mak berish uchun turk mutaxassislari keldi. Avvalroq videoselektorda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga koronavirusni davolash uchun turkiyalik mutaxassislar yetib kelishini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edik.

Foto: “Tez News”

Oliy sudning 32 yoshli xodimi Baxtiyor Mukadirov 24-iyul kuni pnevmoniyadan vafot etdi. Bu ma’lumotni “Tez News”ga Oliy suddagi manbalar tasdiqladi.

Jahondagi vaziyat

AQShda COVID-19 pandemiyasi davrida umumiy hisobda 4 034 102 kishida virus aniqlangan. Mamlakat bu koʻrsatkich boʻyicha dunyoda hali ham birinchi oʻrinda. Undan keyingi oʻrinlarni Braziliya (2,2 million kishi), Hindiston (1,3 million kishi), Rossiya (795 ming kishi), JAR (408 ming kishi) egallagan. Dunyo boʻyicha esa koronavirus bilan 15,4 million kishi kasallangan.

Qozog‘istonda 24-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 78 486 nafarni tashkil qilmoqda. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 49 488 nafari to‘liq sog‘aygan, 585 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 1687 ta yangi holat qayd etilgan.

Foto: “Nur.kz”

Avvalroq Qozog‘iston masjidlari Qurbon hayiti kunida ham ochilmasligi xabar qilingandi. Mamlakat bosh muftiysi Navro‘zboy hoji Taganulining ta’kidlashicha, odamlar uyda oraliq masofani saqlagan holda hayit namozlarini o‘qishi mumkin.

Qirg‘izistonda 24-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, 31 247 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bemorlarning 18 038 nafari sog‘ayib, 1211 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda mamlakatda 11 998 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 368 kishiga ko‘paygan, 42 nafar bemor vafot etgan.

Foto: “Kloop.kg”

Avvalroq Bishkekda ichki ishlar xodimlari uchun kunlik statsionar tashkil etilgani haqda xabar berilgandi. Ichki ishlar boshqarmasining ma’lum qilishicha, statsionar 40 o‘ringa ega bo‘lib, soat 9:00 dan 19:00 gacha ishlaydi.

Tojikistonda 24-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 7060 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 5793 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 58 nafari vafot etgan.

Foto: “Asia-plus”

Avvalroq Tojikiston sog‘liqni saqlash vaziri Jamoliddin Abdullozoda mamlakatda dori vositalarining yetarli zaxirasi mavjudligini ma’lum qilgandi.

Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirus rasman qayd etilmagan yagona davlat bo‘lib turibdi. Ayni paytga qadar mamlakatda birorta holatda koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan. Avvalroq Turkmaniston va Buyuk Britaniya COVID-19’ga qarshi kurash masalalarini muhokama qilayotgani haqda xabar berilgandi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

“Xronika Turkmenistana” nashriga ko‘ra, 23-iyul kuni Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vendi Morton telefon orqali suhbatlashib, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.

Rossiyada 24-iyul soat mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 800 849 nafarni tashkil qilmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh, Braziliya va Hindistondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bemorlarning 588 774 nafari sog‘aygan, 13 046 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 5811 ta yangi holat aniqlangan.

Foto: “TASS”

Avvalroq bosh vazir Mixail Mishustin Rossiya xalqaro reyslarni 1-avgustdan qayta tiklashini ma’lum qilgandi. Xususan, O‘zbekistondan Rossiyaga doimiy aviareyslar sentabrdan qayta tiklanadi.

Янгиликлар