Koronavirus “daily” — pandemiya bo‘yicha 22-iyulning asosiy xabarlari

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar esa 15 million kishiga yaqinlashdi. Koronavirus pandemiyasi bo‘yicha 22-iyulning asosiy xabarlari.

Jons Hopkins universitetining Toshkent vaqti bilan soat 18:00 dagi ma’lumotlariga ko‘ra:

  • dunyo bo‘yicha infeksiya bilan kasallanganlar — 14 976 453 kishi;
  • kasallikdan tuzalganlar — 8 490 228 kishi;
  • infeksiya oqibatida vafot etganlar — 617 297 kishi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda 22-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilgan bemorlar soni 153 kishiga ko‘payib, 18 324 nafarni tashkil etayotgani haqida xabar berdi. O‘zbekistonda epidemiya boshlanganidan buyon esa 97 kishi vafot etgan.

O‘zbekistondagi vaziyat

Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Hotambek Shokirov ma’lum qilishicha, poytaxtda so‘nggi uch kunda mahalliy budjet hisobidan 77 milliard so‘m pandemiyaga qarshi kurashish maqsadida sarflangan.

Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus pandemiyasi davrida dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasini tartibga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazmasdan, majburiy sertifikatsiyalashtirish sharti bilan import qilinadigan, COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari va biologik faol moddalar ro‘yxati tasdiqlandi.

Foto: Nurobod tumani hokimligi

Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimi koronavirusga chalinib, sog‘aygani ma’lum bo‘ldi. “Men koronavirus infeksiyasidan sog‘aydim. Hozir o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Ammo hali ham qayerda kasallikni yuqtirib olganimni tasavvur qila olmayapman. Shuni bildimki, hech kim koronavirusga e’tiborsizlik bilan qaramasligi kerak. Salomatlik va xavfsizlik mutlaq ustuvor vazifadir. Shuning uchun barchamiz karantin qoidalariga qat’iy rioya qilib, o‘zimiz, yaqinlarimiz sog‘lig‘ini asraylik. Birgalikda bu sinovli damlarni yengib o‘tamiz”, — dedi tuman hokimi.

Foto: Bosh prokuratura

Qoraqalpog‘iston prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i 66 yoshida koronavirus asoratlaridan vafot etdi. 1954-yilda tug‘ilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan va general-mayor unvoniga ega Hakimbay Halimovda koronavirus aniqlangan va u 22-iyul kuni vafot etgan.

O‘zbekistonda qancha odam koronavirusdan uyda davolanayotgani ma’lum bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko’ra, 22-iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha koronavirusdan uy sharoitida davolanayotganlar soni 1706 nafarni tashkil qilmoqda.

Bosh vazir Abdulla Aripovga O‘zbekistonga qaytarishni so‘rab murojaat qilgan 200 ga yaqin o‘zbekistonlik talaba Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan Rossiyaning Novosibirsk shahridan charter reys orqali O‘zbekistonga olib kelindi.

Foto: “O‘zA”

Immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva “Plakvenil” dorisi immunitetni susaytirishi, uni iste’mol qilgan bemorlarning tana harorati qaytadan ko‘tarilishi, immunitet sun’iy ravishda pasaytirilgani uchun mikroblar bilan kurasha olmasligi, shu sababli koronavirusning ikkinchi to‘lqini kelib chiqqanini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlari 1-sentabrdan keyin o‘tkazilishi mumkinligi ma’lum qilindi. “Imtihonni keyinga ko‘chirish bo‘yicha taklif berilgan. Karantin cheklovlari qachon bekor qilinsa, test sinovi o‘shanda o‘tkaziladi. Agar 15-avgustda bekor qilinsa, 15-avgustdan keyin, 1-sentabrda bekor qilinsa, 1-sentabrdan keyin o‘tkaziladi”, — deb ta’kidlaydi Barno Rajabov.

Foto: AOKA

Parkentda “SES” xodimlari tomonidan karantin qoidalarini buzgan 86 nafar fuqarolarning qilmishlariga yarasha jarima tayinlamaslik hamda qilmishni istisno etuvchi holatlar sifatida rasmiylashtirish orqali davlat manfaatlariga 397,6 million so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Andijon viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari esa 326,4 million soʻmlik “gipoxlorid kalsiy 65%” dezinfeksiyalovchi vositasini 485,7 million soʻmga (oʻrtacha bozor narxidan 159,3 million soʻmga qimmat) sotib olib, budjet mablagʻlarini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Payariq tumanida esa koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan “SES” xodimlari va markaz karantinga olindi. Markaz bir hafta mobaynida bakteriologik, parazitologik tahlillar olishning vaqtincha to‘xtatilishini ma’lum qilgan.

O‘zbekistonda bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirish uchun onlayn ariza berish qayta ishga tushirildi. Ta’kidlanishicha, bunda faqat ariza berish va navbatni tekshirish imkoni mavjud. Buning uchun ariza raqamini bilish kerak.

O‘zbekistonda kuchli ta’sir etuvchi dorilarni retseptsiz sotganlik uchun javobgarlik belgilandi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksining sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari aylanishi bilan bog‘lik noqonuniy harakatlar uchun javobgarlik ko‘rsatilgan moddalariga tegishli qo‘shimchalar kiritildi.

Foto: JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti O‘zbekistonga 4 million dollarlik va umumiy og‘irligi 85 tonnaga yaqin insonparvarlik yordami yubordi.

Kadr: Instagram

Munisa Rizayeva o‘zi va oila a’zolarining kasalxonaga yotqizilganini ma’lum qildi. Avvalroq O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova, xonanda Kaniza va “Benom” guruhi vakili Komil koronavirus yuqtirib olgani haqida xabar berilgandi.

Jahondagi vaziyat

AQSh Adliya vazirligi Xitoyning ikki fuqarosini yuzlab tashkilotlarning, shu jumladan, hukumat tashkilotlarining ham kompyuter tizimiga buzib kirishda aybladi. Amerika rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, hakerlar ba’zi holatlarda o‘z manfaatlari yuzasidan, boshqa hollarda Xitoy maxsus xizmati yoki hukumati topshirig‘iga ko‘ra harakat qilgan. Adliya vazirligi ularning AQSh uchun tahdid uyg‘otuvchi terabayt ma’lumotlarni o‘g‘irlaganligini ta’kidlamoqda.

Foto: “Associated Press”

Qozog‘istonda 22-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 75 153 nafarni tashkil qilmoqda. Qozog‘iston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘lib turibdi. Bemorlarning 46 790 nafari to‘liq sog‘aygan, 585 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 1685 ta yangi holat qayd etilgan.

Foto: “Nur.kz”

Avvalroq Qozog‘iston prezidentining maslahatchisi O‘ljas Xudaybergenev mamlakatda 2 million nafarga yaqin odam koronavirus bilan kasallanib, tuzalib bo‘lganini taxmin qilgani xabar qilingandi. Shuningdek, u mamlakatda koronavirusdan kamida 1895, ko‘pi bilan esa 3791 kishi vafot etganini taxmin qilgan.

Qirg‘izistonda 22-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, 29 359 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bemorlarning 15 760 nafari sog‘ayib, 1123 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda mamlakatda 12 476 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 80 kishiga ko‘paygan, 32 nafar bemor vafot etgan.

Foto: “Kloop.kg”

Tojikistonda 22-iyul mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 6967 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning 5683 nafari koronavirusdan to‘liq sog‘aygan bo‘lsa, 57 nafari vafot etgan.

Foto: “Asia-plus”

Avvalroq Tojikiston Yevropadagi fuqarolarini olib kelish uchun Frankfurt—Dushanbe yo‘nalishida charter reys tashkil qilishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.

Turkmaniston Markaziy Osiyoda koronavirus rasman qayd etilmagan yagona davlat bo‘lib turibdi. Avvalroq Turkmanistonga tashrif buyurgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining missiyasi mamlakat hukumatiga hududda koronavirus infeksiyasi aniqlangandek ish tutishni tavsiya qilgani haqda xabar berilgandi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

“Xronika Turkmenistana” nashriga ko‘ra, Ashxobodda pnevmoniyadan kuniga kamida 8-12 kishi vafot etmoqda.

Rossiyada 22-iyul soat mahalliy vaqt bilan soat 11:30 holatiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni 789 190 nafarni tashkil qilmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda AQSh, Braziliya va Hindistondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bemorlarning 572 053 nafari sog‘aygan, 12 745 nafari vafot etgan. Shuningdek, o‘tgan bir sutka davomida 5862 ta yangi holat aniqlangan.

Foto: “RIA Novosti”

Ukrainada karantin 31 avgustgacha uzaytirildi. Ukrainada ilk karantin cheklovlari mart oyida joriy etilgan edi. Koronavirus tarqalishi biroz sekinlashgandan so‘ng may-iyun oylarida karantin yumshatilgan va cheklovlar 31-iyul kuni tugashi kerak edi. Biroq karantin cheklovlari yumshatilgach, mamlakatda koronavirus tarqalishi yana keskin o‘sa boshladi.

Янгиликлар